AsosiyJamiyat

Otasini o`ldirgan 30 yoshli o`g`il 16 yilga qamaldi

Qashqadaryo viloyatining Qamashi tumanidagi Badaxshon qishlog`ida yashab, maktabda dars beruvchi Rustam Shoimov ichkilikka berilib ketdi. Undan o`rnak olgan o`g`li Bobomurod Shoimov ham ikki farzandning otasi bo`lishiga qaramay, ichkilikbozlikni kasb qila boshlaydi. Bu haqda UZ24 xabar bermoqda.
1984 yilda tug`ilgan Shoimov 2014 yil 23 yanvar kuni sinfdoshlari bilan spirtli ichimlik ichib, mast holatda ota-onasining uyiga boradi. Bu paytda otasi ham o`zini himoya qila olmaydigan darajada mast edi.
Ilgari bir necha marotaba tanbeh eshitgani tufayli otasiga nisbatan ko`nglida adovat saqlab yurgan o`g`il birdan otasi bilan tortishib qolib, uni qasddan o`ldirish maqsadida bir uchi sinib, o`tkir predmet shakliga kelib qolgan gayka buragich bilan otasining boshiga zarb bilan urdi.
Otasi olgan og`ir tan jarohati natijasida vafot etdi.
Sud jarayonida o`g`il qilgan jinoyatini tan olmay, jinoyat sodir bo`lgan kun u sinfdoshlari bilan spirtli ichimlik ichganligini, kech soat 21:00larda ota-onasining uyiga borsa, ayvonda otasi yiqilib yotganini ko`rganligini, uyda chiroq yo`qligi tufayli uning nima uchun yotganligini bilmaganligini aytadi.
Qotil o`g`ilning onasi Bibisora Poyonova esa tergov jarayonida «Erimni men o`ldirganman», deb ko`rsatma beradi.
Tergov-surishtiruv idoralari xodimlarining sinchkovlik bilan olib borgan tezkor tergov harakatlari tufayligina haqiqiy jinoyatchi kim ekanligi aniqlanadi.
Jinoyat ishlari bo`yicha viloyat sudi qaroriga muvofiq, B. Shoimovga nisbatan 16 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

    Boshqa yangiliklar