Toshkent shahridagi avtomobillarga yoqilg`i quyish shoxobchalarida yana uzun navbatlar paydo bo`lishi boshlandi. Bu haqda ijtimoiy tarmoqlarning foydalanuvchilari xabar berishmoqda, uzun navbatlarning suratlarini internetga joylashtirishmoqda.
Tvitter foydalanuvchilarning yozishlaricha, shahar AYoQShlarida kun yorishmasidan navbatlar paydo bo`lmoqda.
Xususan, Qoratoshdagi Intran Servis’dagi benzinga navbat «Jar» stadioni qo`shimcha maydonidagi tabloga qadar, Eshonguzardagi UzGazOil’da esa navbat Bunyodkor shoh ko`chasiga qadar cho`zilgan.
Feysbukdagi «Voditeli Tashkenta» guruhidagi foydalanuvchisi esa shahardagi UzGazOil AYoQShlaridan birida benzinga navbati etib kelishi uchun bir soatdan ortiqroq kutib turganini ma`lum qilgan.
Ma`lumot uchun, 2013 yilning oktyabr oyida ham Toshkent shahrida benzin taqchilligi va AYoQShlarda katta navbatlar kuzatilgan edi.
O`shanda «O`zneftmahsulot» kompaniyasidagi manbalar bunga «benzin narxi oshishi haqidagi asossiz mish-mishlar» va «gaz yonilg`isida harakatlanuvchi viloyatlarga qatnovchi avtomobillarning aksariyati benzin baklarini to`ldirib, viloyatlarga olib borib, benzinni qimmat narxda sotishga urinishi»ni sabab qilib ko`rsatgan edi.
Qayd etish joiz, 2014 yilning avgustida shahar AYoQShlarida navbatlar paydo bo`lganida, «O`zneftmahsulot» bayonot berib, «O`zbekistonda yonilg`i-moy mahsulotlari bilan muammo yo`q»ligini, «ayni damda aholining avtobenzinga bo`lgan ehtiyojini to`liq va to`xtovsiz qondirish bo`yicha barcha kerakli choralar amalga oshirilayotganini» ma`lum qilgandi.





