"GM Uzbekistan" Namangandagi dilerlik korxonasida o`tkazilgan tekshiruv natijasida, korxona raisi ishdan olindi.
Sobiq rahbar o`rniga Zoxid Kamalov tayinlandi. Kamalov avval Rossiyaning "Armada" xolding kompaniyasi bosh direktori lavozimida faoliyat yuritgan, deb xabar qildi kompaniya matbuot xizmati.
Ta`kidlanishicha, Namangan "Avtotexxizmat" MChJ dilerlik korxonasiga avtomobil savdosi bo`yicha ko`chma tekshiruv amalga oshirilgan va mazkur tekshiruv chog`ida dilerlik korxonasi tomonidan mijozlar bilan ishlashda qo`pol qoidabuzarlik va xatolarga yo`l qo`yilganligi oydinlashgan.
Xususan, avtomobillar savdosidagi tizimli ishlarni tashkil etish, o`tkazilayotgan aksiyalarni shartlariga qat`iy rioya qilish, mijozlarga o`z vaqtida tegishli ravishda ma`lumotlar taqdim etib borish, mijozlar uchun qulay sharoitlar mavjud emasligi, xodimlarning ishlarida korrupsiyaga yo`l qo`yish holatlari mavjudligi, shuningdek call-markaz ishida ham doimiy uzilishlar aniqlangan.
Bundan tashqari avtosalon omborxonalarida sotib bo`lingan avtomobillarning mavjudligi, shunigdek mijozlar ishtirokisiz imzolangan bir qator shartnomalar mavjudligi fosh bo`lgan.
Tekshiruvlar davomida aniqlangan barcha hujjatlar ekspertiza uchun Namangan viloyati huquq-tartibot organlariga taqdim etilgan.






