AsosiyJamiyat

Xorazm viloyatida hujjatlar qalbakilashtirilib, qog`ozda 280 ta yangi ish o`rni yaratildi

Viloyat nazorat-taftish boshqarmasi xodimlari tomonidan Xorazm viloyati Qo`shko`pir tuman bandlikka ko`maklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish markazida o`tkazilgan tekshiruvlar natijasida markazning etti nafar xodimi tumanda faoliyat ko`rsatayotgan korxona, tashkilotlarning o`zlariga taqdim etgan hisobotlariga qo`shimcha raqamlar kiritib, hujjatlarni qalbakilashtirgani ma`lum bo`ldi. Bu haqda O`zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining «Postda» gazetasi xabar bermoqda.

Markaz xodimlari 280 ta yangi ish o`rinlari yaratilgani haqida viloyatga soxta ma`lumot bergan. Jumladan, A. Mamasoli 2013 yil yanvardan dekabrga qadar qishloqda oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish bo`yicha 35 ta ish o`rnini takroran yozib, hujjatni qalbakilashtirgan. Shuningdek, u tumandagi «Sohibqiron», «Nurmat bo`yoqchi» xususiy korxonalari, «Habib Yashin», «Parizoda Yahyobek», «Shonazir-Sherzod» fermer xo`jaliklari va Ohunboev nomli qishloq vrachlik punktida bir nechta yangi ish o`rni yaratildi, deb hujjatlarga yolg`on ma`lumotlarni kiritib qo`ygan.

Markazning boshqa bir xodimi Qotog`on qishlog`ida faoliyat ko`rsatayotgan xususiy korxonalar va fermer xo`jaligida 15-20 tadan yangi ish o`rinlari yaratilgani haqida qalbaki ma`lumotlar kiritib, rasmiy hujjatni soxtalashtirgan. Shuningdek, markazda faoliyat yurituvchi boshqa xodimlar ham o`z hududlarida ish o`rinlari tashkil etilishi to`g`risidagi ma`lumotlarni qalbakilashtirgan.

Markazdagi rasmiy hujjatlarni ko`zdan kechirish asnosida qonunbuzar inspektorlar o`z zimmalariga topshirilgan vazifalarni bajarishda ham soxtakorlikka yo`l qo`ygani ko`rinib qoldi.

Qo`shko`pirlik qonunbuzar inspektorlarning qing`ir ishlari fosh bo`lib, sud tomonidan ularga nisbatan odilona hukm chiqarildi.

    Boshqa yangiliklar