Fransiyada O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning davlat tashrifiga jiddiy tayyorgarlik ko`rilmoqda. O`zA muxbiri mazkur tashrif va O`zbekistondagi o`zgarishlar haqida parijliklar bilan suhbatlashdi.
Boosh BAZEN (iqtisodchi):

– O`zbekistonda barcha sohalarda islohotlar amalga oshirilayotganidan xabardormiz. Eng diqqatga sazovor tomoni shuki, zamonaviy turizm infratuzilmasi rivojlantirilib, sayyohlarning mazmunli hordiq chiqarishi uchun keng ko`lamli sharoitlar yaratilayotgan ekan. Yaqinda mamlakatingizda borib kelgan tanishlarim O`zbekiston tarixiy obidalarga boy mamlakat ekanini aytdi. Demak, ularga qiziquvchilar ko`p bo`lishi tabiiy. Shuningdek, internet saytlarida mamlakatingizda sayyohlikning yangi turlari, jumladan, ekoturizm rivojlanayotganidan xabarim bor. O`zbekistonda qo`riqxonalar, milliy bog`lar, qo`riqlanadigan tabiiy hududlar, yodgorliklar mavjudligi ekoturizmni istiqbolli yo`nalishga aylantirish imkonini beradi.
Madlen BARSO (o`qituvchi):

– O`zbekiston Fransiya bilan yaqin hamkorlik aloqalarini rivojlantirayotgani mamnuniyat uyg`otadi. Tarix kitoblarida Amir Temur haqida o`qiganmiz. Parijdagi Luvr muzeyida bo`lganimda ham o`sha davrga oid ko`plar eksponatlar bilan tanishganman.
Yaqinda ta`lim sohasida O`zbekistondan delegasiya kelgani haqidagi xabarni o`qidim. Maktabgacha, maktab, o`rta maxsus va professional ta`lim sohasidagi hamkorlikni mustahkamlash masalalari ko`rib chiqilganidan xursand bo`ldim. O`zbekistonda fransuz tili va madaniyati markazlarini tashkil qilish, ikki mamlakat ta`lim vazirliklari o`rtasida hamkorlik aloqalarini rivojlantirish tarafdorimiz.
Moro BENUA (talaba):

– O`zbekistonga borishni mo`ljallab turibman. Mamlakatingiz tarixiga qiziqaman. Qadimiy obidalarni asl holicha saqlab qolish borasidagi ishlar tahsinga sazovor. O`zbekistonga Fransiyadan ko`p sayyoh boradi. Ular bir olam zavq va taassurotlar bilan qaytmoqda. Targ`ibot ishlari natijasida Buxoro, Samarqand, Xiva, Termiz, Toshkent, Qo`qon, Shahrisabz kabi shaharlarda buyuk ajdodlaringizning yuksak iste`dodi bilan bunyod etilgan obidalar o`zining haqiqiy qadr-qimmatini topmoqda.
O`zbekiston Prezidentining Fransiyaga davlat tashrifi ikki mamlakat o`rtasidagi aloqalarni yangi bosqichga ko`tarishi shubhasiz.






