AsosiyJamiyat

Propiskadagi uzilish vaqti uchun ba`zi nafaqalar to`lanadi

'Propiskadagi uzilish vaqti uchun ba`zi nafaqalar to`lanadi'ning rasmi

Vazirlar Mahkamasining 25.09.2018 yildagi 766-son qarorida shu va boshqa choralar nazarda tutilgan. Hukumatning ayrim hujjatlariga tegishli tuzatishlar kiritilgan.

Norma’ning yozishicha, pensiya va nafaqalarni tayinlash va to`lash, shuningdek pensiya tayinlash uchun mehnat staji va sug`urta badallarini hisobga olish masalalari yuzasidan o`zgartirishlar kiritildi.

Birinchidan, vaqtinchalik propiska (Toshkent shahrida va Toshkent viloyatida kelgan joyi bo`yicha hisobga olish) yoki yashash uchun ruxsatnomaga (xorijiy fuqarolar va fuqaroligi bo`lmagan shaxslar uchun) ega bo`lgan, bolalikdan nogironlarga va 18 yoshga to`lmagan OIV infeksiyasiga chalingan shaxslarga, shuningdek ish stajiga ega bo`lmagan qariyalarga va mehnatga layoqatsiz fuqarolarga nafaqalar to`lashni tiklash tartibiga aniqlik kiritildi. Hisobga olishning ko`rsatilgan turlarining amal qilish muddati tugagan bo`lsa, nafaqa to`lash to`xtatiladi va hisobga olishning yangi sanasidan boshlab davom ettiriladi. Bunda nafaqani to`lash to`xtatilgan paytdan, biroq 12 oydan ortiq bo`lmagan paytdan boshlab uni olish mumkin.

Misol. Fuqaroning Toshkentdagi vaqtinchalik propiskasining amal qilish muddati 2017 yil 1 iyunda tugagan. 2018 yil sentyabrda shaxs poytaxtda kelgan joyi bo`yicha yana hisobga olingan va to`lanishi to`xtatilgan nafaqani olish uchun pensiya bo`limiga murojaat qilgan. Joriy etilgan tartib mohiyatidan kelib chiqilsa, mazkur shaxs 2017 yil iyundan 2018 yil iyungacha bo`lgan davr uchun, ya`ni o`tgan 12 oy uchun nafaqa olishi mumkin. 2018 yil iyul–avgust oylari uchun nafaqalarni olmaydi, sababi ular 12 oylik davrga kirmaydi. To`lov to`lash esa 2018 yil sentyabrdan, ya`ni fuqaro yana hisobga olingan sanadan boshlab tiklanadi.

Ikkinchidan, pensioner mamlakat tashqarisiga doimiy yashash uchun ketayotganda pensiyani muddatidan oldin to`lash tartibiga aniqlik kiritildi. Ma`lumki, bunday hollarda pensioner ketishgacha 6 oylik pensiyasini ariza berilgan kundagi uning miqdori hisob-kitobidan kelib chiqib olishi mumkin. Endi pensiya to`lanadigan 6 oylik davr qanday hisoblanishiga aniqlik kiritildi. U ketishdan avval pensiya to`lash uchun arizada ko`rsatilgan sanadan boshlab hisoblab chiqiladi, bunda ariza berilgan oyda hisoblangan (to`langan) pensiya puli hisobga olinadi.

Misol. Doimiy yashash uchun ketayotgan pensioner 20 avgustda ketishdan avvalgi 6 oy uchun pensiya to`lashni so`rab pensiya bo`limiga ariza berdi. U pensiyani avgust oyidan yanvar oyigacha oladigan bo`lib chiqyapti. Sababi ketishdan avval pensiya to`lashni so`rab ariza bergan oy (avgust) 6 oylik davrni hisoblashda inobatga olinadi.

Uchinchidan, ish bilan ta`minlangan shaxslarga byudjetdan tashqari Pensiya jamg`armasiga sug`urta badallari to`langanligi to`g`risidagi ma`lumotnomalarni endi soliq organlari beradilar. Ilgari soliqchilar barcha ma`lumotlarni pensiya bo`limlariga taqdim etar, ular o`z navbatida sug`urta badallari bo`yicha ma`lumotnomalarni berar edilar. Ko`rsatilgan ma`lumotnomalar pensiya tayinlashda ish stajini belgilash uchun zarur.

To`rtinchidan, belgilanishicha, tayyorlov kurslarida o`qish davri ish stajiga qo`shib hisoblanmaydi. Hujjatda «tayyorlov kurslari» tushunchasiga nimalar kirishi yuzasidan aniqlik kiritilmagan. Kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish kurslari nazarda tutilayotgan ko`rinadi.

Beshinchidan, mehnat daftarchasidagi sud tartibida soxtalashtirilgan (qalbakilashtirilgan) deb topilgan yozuvlar mehnat faoliyatining oxirgi 10 yillik davriga kiritilmasligi belgilangan.

Eslatib o`tamiz, pensiyalar miqdorini hisoblab chiqarish uchun oylik ish haqini hisoblash zarur bo`ladi. Ishdagi tanaffuslar mavjudligidan qat`i nazar, oxirgi 10 yillik mehnat faoliyati davomidagi istalgan ketma-ket 5 yil uchun pensiya tayinlashni so`rab murojaat etgan kishining tanlovi bo`yicha oylik ish haqi olinadi.

Oltinchidan, chet elda yollangan holda ishlovchi shaxslar, YaTT, shuningdek dehqon xo`jaligi a`zolari va oilaviy tadbirkorlik sub`ekti oila a`zosining sug`urta badallarini hisobga olish tartibiga tuzatish kiritildi. Ular Pensiya jamg`armasiga sug`urta badallari to`laganliklari dalilini tasdiqlovchi asosiy hujjatlar quyidagilardir:

• 2018 yilgacha – bank kvitansiyalari va to`lov hujjatlari;
• 2018 yildan boshlab – soliq organlarining ma`lumotlari.

Eslatib o`tamiz, ilgari sug`urta badallari hisobga olinishi uchun ular pensiya bo`limiga murojaat qilishlari zarur edi.

Ettinchidan, yuqorida ko`rsatilgan tuzatishlarga ko`ra, to`langan sug`urta badallari asosida chet elda ishlovchilarning mehnat stajini hisobga olish tartibiga o`zgartirishlar kiritiladi. Hozir buning uchun Tashqi mehnat migrasiyasi bo`yicha agentlikning mamlakat va chet elda bo`lish davri haqidagi ma`lumotnomasini rasmiylashtirish kerak emas. Ushbu ma`lumotnoma Pensiya jamg`armasiga sug`urta badallarini to`lash va mehnat daftarchasiga tegishli yozuvlarni qayd etish uchun asos bo`lib hisoblanadi.

Endi chet elda bo`lish davri mehnat daftarchasidagi yozuvlar, pasportdagi davlat chegarasini kesib o`tganligi to`g`risidagi yozuvlar (muhrlar, shtamplar yoki belgilar), respublika diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalarining shaxsning boshqa davlatda bo`lgan vaqti va konsullik hisobiga qo`yilganligi haqida ma`lumot ko`rsatilgan tegishli hujjatlar asosida tasdiqlanadi.

Qarorda boshqa bir qator o`zgartirishlar ham nazarda tutilgan.

Hujjat 26.09.2018 yildan kuchga kirdi.

    Boshqa yangiliklar