Davlatimiz rahbarining joriy yil 30 sentyabrdagi “Maktabgacha ta`lim tizimini boshqarishni takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi qarorida bu haqda qayd etildi, deb xabar bermoqda O`zA.
Mas`ul tashkilotlar 2018 yil 1 noyabrgacha qishloq joylarda bir nechta ko`p qavatli turar joy uylari yoki uylar guruhlaridan iborat yangi majmualarni loyihalashtirish normativlari va tartibini ishlab chiqadi. Hamda ko`p qavatli turar-joy uylarining birinchi qavatlarida yoki alohida bino ko`rinishida maktabgacha ta`lim muassasasi bo`lishi yuzasidan takliflarni beradi.
Qarorda belgilandiki:
Qishloq joylarda bir nechta ko`p qavatli turar joy-uylari yoki uylar guruhlaridan iborat yangi qurilayotgan majmualardagi maktabgacha ta`lim muassasasining eng kam quvvati 50 o`rindan kam bo`lmaydi.
Qurilgan maktabgacha ta`lim muassasalari binolari yoki xonalari davlat yoki nodavlat ta`lim muassasalarini, shu jumladan, davlat-xususiy sheriklik asosida, turar-joy mulkdorlarining qaroriga muvofiq tashkil qilish uchun foydalanilishi mumkin.
Davlat maktabgacha ta`lim muassasalarini tashkil etish, qayta tashkil etish, tugatish, ularga tegishli er uchastkalari va ko`chmas mulkni olib qo`yish faqat Vazirlik bilan kelishilgan holda amalga oshiriladi.
Kelishmagan holda qaror qabul qilgan mansabdor shaxslar qonun hujjatlariga muvofiq javobgarlikka tortiladi.






