2018-yilning sentyabr oyidan «O`zbekiston yoshlari umumjahon assosiasiyasi»ning rasmiy veb-sayti www.wayu.uz manzilida ish boshladi.
Saytdagi dunyo xaritasidan «O`zbekiston yoshlari umumjahon assosiasiyasi»ning xorijiy mamlakatlardagi vakillari, ularning faoliyat yuritadigan manzillari, telefon raqamlari va elektron manzillari haqidagi batafsil ma`lumotlarni olish mumkin.
Foydalanuvchilar saytning asosiy menyusidagi «Migrasiya qonunchiligi» bo`limida Germaniya, Rossiya, Janubiy Koreya, Turkiya, AQSh, Yaponiya, Qozog`iston, Xitoy va Qirg`iziston davlatlarining migrasion qonunchiligi bilan yaqindan tanishishlari mumkin.
«Xorijda ta`lim olish» bo`limida chet elda ta`lim olish istagida bo`lgan yoshlar uchun bilish muhim bo`lgan qoidalar, xorijda ta`lim olganlik to`g`risidagi hujjatlarni nostrifikasiyalash va o`qishni xorijdan O`zbekistonga ko`chirish tartibi hamda kelib chiqishi o`zbekistonlik bo`lgan yoshlarga o`zbek tilini o`rganish uchun xorijiy mamlakatlarda tashkil etilgan «O`zbek tili o`quv kurslari» to`g`risidagi ma`lumotlar jamlangan.
«Sug`urta» bo`limida bir qator xorijiy davlatlarning sug`urtalash tizimi haqidagi ma`lumotlar keltirilgan.
Foydalanuvchilar «Elektron kutubxona» bo`limida o`zbek tili va adabiyotini o`rganish uchun elektron o`quv qo`llanmalar hamda o`zbek adabiyotining namunalari bilan yaqindan tanishishlari mumkin.
«Bilish muhim» bo`limida Assosiasiyaning asosiy faoliyat doirasi bayon etilgan.
«Elchixona va konsulliklar» bo`limida O`zbekiston Respublikasining xorijiy mamlakatlardagi elchixonalari va konsulliklari, ularning joylashgan manzili, telefon raqami, veb-sayti hamda elektron manzili haqidagi ma`lumotlar jamlangan.
«Volontyorlar uchun» bo`limida «O`zbekiston yoshlari umumjahon assosiasiyasi»ning xorijiy mamlakatlardagi volontyorlik xarakati, shuningdek, xorijiy mamlakatlarning bir qator oliy ta`lim muassasalarida O`zbekistonlik yoshlarni har tomonlama qo`llab-quvvatlashga tayyor bo`lgan koordinatorlar haqida ma`lumotlar keltirilgan. Mazkur bo`limda xorijda ta`lim olayotgan va mehnat qilayotgan yoshlar volontyorlar safiga qo`shilish uchun elektron ro`yxatdan o`tishlari mumkin.
Shuningdek, Assosiasiya va uning xorijiy mamlakatlardagi vakil va koordinatorlari hamda xorijiy mamlakatlarda ta`lim olayotgan, mehnat qilayotgan o`zbekistonlik yoshlar tomonidan tashkil etilgan tadbirlarni muntazam ravishda yoritib boruvchi «Yangiliklar», «Tadbirlar» va «Media resurslar» bo`limlari ham tashkil etilgan.






