2018 yil 27-28 sentyabr kunlari Toshkent shahrida O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o`n oltinchi yalpi majlisi bo`lib o`tadi.
Bugun yalpi majlis oldidan qo`mita majlislari bo`lib o`tmoqda. Dastlabki yig`ilish Senatning Byudjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qo`mitasida tashkil etildi. Unda “Fuqarolarning jamg`arib boriladigan pensiya ta`minoti to`g`risida”gi O`zbekiston Respublikasi qonunining Aksiyadorlik tijorat “Xalq banki”da ijro etilishini o`rganish natijalari ko`rib chiqilmoqda.
Tadbirda senatorlar, bank-moliya sohasi mutaxassislari, vazirlik, idoralar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etayotir.
Ma`lumki,“Fuqarolarning jamg`arib boriladigan pensiya ta`minoti to`g`risida”gi qonunga muvofiq, 2005 yilning 1 yanvaridan mamlakatimizda jamg`arib boriladigan pensiya ta`minoti tizimi joriy etilgan. Hukumatning 2018 yil 26 martdagi qaroriga asosan 2018 yil 1 aprelidan e`tiboran barcha fuqarolarni pensiya ta`minoti tizimida hisobga olish ishlari faqat Davlat xizmatlari agentligi yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali amalga oshirib kelinmoqda. Tatbiq etilgan yangiliklar tufayli jarayon ishtirokchilarining ortiqcha ovoragarchiliklariga chek qo`yildi.
Pensiya ta`minoti tizimidagi shaxsiy ma`lumotlar “Xalq banki”da alohida tashkil etilgan yagona ma`lumotlar elektron bazasi va arxivlarida xavfsizlik choralari ko`rilgan holda saqlanadi. Shuningdek, Vazirlar Mahkamasining 1996 yil 31 maydagi qarori ko`ra, hisobvaraqlar tartib raqami Ichki ishlar vazirligi tomonidan berilgan fuqaroning identifikasiya raqami asosida berib kelinmoqda.
2018 yil 1 iyul holatiga “Xalq banki” filiallarida pensiya ta`minoti tizimi ishtirokchilari soni 11,3 millionga etib, ulardagi mablag`lar miqdori 2,9 trillion so`mdan oshgan.
Tizim joriy etilganidan boshlab bu borada qanday yutuqlarga erishildi va qanday kamchiliklarga yo`l qo`yildi?






