Xabaringiz bor, 18 avgust – 2 sentyabr kunlari Indoneziyaning Jakarta va Palembang shaharlarida XVIII Osiyo o`yinlari bo`lib o`tdi. Ortda qolgan musobaqa o`zbek sporti tarixida yangi sahifa ochdi. Hamyurtlarimiz Osiyo o`yinlari davomida 21 ta oltin, 24 ta kumush va 25 ta bronza, umumiy hisobda 70 ta oltin medal qo`lga kiritib, medallar sifati bo`yicha beshinchi o`rinni egallashdi.
Bugun, 21 sentyabr kuni Milliy olimpiya qo`mitasi binosida Osiyo o`yinlarida sovrindor bo`lgan sportchilarimizni taqdirlash marosimi o`tkazildi. Unda O`zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov, Prezident maslahatchisi Abdujabbor Abduvohidov, Bosh vazir o`rinbosari Tanzila Narbaeva, Milliy olimpiya qo`mitasi hamda Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, Toshkent shahri hokimligi mutasaddilari va boshqalar ishtirok etishdi.
Tadbirni O`zbekiston Respublikasi Bosh vaziri ochib berdi, deb xabar berdi MOQ matbuot xizmati.
Shundan so`ng Prezidentning yoshlar, fan, ta`lim, sog`liqni saqlash va sport masalalari bo`yicha maslahatchisi Abdujabbor Abduvohidov «XVIII Osiyo o`yinlarining g`olib va sovrindorlarini taqdirlash to`g`risida”gi farmoyishini o`qib eshittirdi. Unga ko`ra, Osiyo o`yinlari oltin medali sohiblari 5000, kumush medal sovrindorlari 3000, bronza medaliga ega chiqqan sportchilarimiz esa 2000 AQSh dollari miqdoridagi mukofot puli bilan birma-bir taqdirlanishdi.
Tadbir davomida yaqin kunlarda sovrindor sportchilarimizning murabbiylari uchun ham (oltin – 2500, kumush – 1500, bronza – 1000) mukofot pullari taqdim etilishi ma`lum qilindi.










