19 sentyabr kuni Tojikiston mudofaa vaziri dala o`quv maydonida chegara hududlari yaqinidagi aholi yashash punktiga joylashgan shartli terrorchilarni bartaraf etish bo`yicha o`tkazilgan Tojikiston-O`zbekiston hamkorlikdagi mashg`ulotlarning asosiy qismiga tayyorgarlik jarayonlarini kuzatdi. Bu haqda Mudofaa vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Sherali Mirzo ilk marotaba o`tkazilayotgan bu kabi qo`shma mashg`ulotlar Markaziy Osiyo mintaqasidagi xavfsizlik va barqarorlikni mustahkamlashga xizmat qilishini ta`kidladi.
Shuningdek, mashg`ulotlarning real vaziyatga yaqin tarzda o`tkazilishi, bunda har bir bo`linma oldida aniq vazifalar belgilangani haqida ham to`xtalib o`tildi.

Kunning ikkinchi yarmida O`zbekiston Qurolli Kuchlari Markaziy ashula va raqs ansambli hamda Mudofaa vazirligi Markaziy harbiy orkestri jamoasi tomonidan Xo`jand shahri markazidagi “Kamoli Ho`jandiy” bog`ida konsert dasturi namoyish etildi. O`zbek va tojik tillarida mahorat bilan ijro etilgan kuy-qo`shiqlar ho`jandliklar qalbidan munosib joy egalladi.

Eslatib o`tamiz, Tojikistonda o`tkazilayotgan o`quv mashg`ulotlarida O`zbekiston tomonidan 100 nafardan ortiq harbiy xizmatchilar o`zlarining texnikalari bilan ishtirok etmoqda.






