AsosiyJamiyat

Osiyo taraqqiyot bankidan 15,5 milliard so`m kredit

Termiz shahrida toza ichimlik suvi inshootlari rekonstruksiya qilinib, sanitariya holati tubdan yaxshilanmoqda. Bu haqda O`zbekiston Milliy axborot agentligi xabar beradi.

Yangi barpo etilayotgan zamonaviy oqova suv tizimi aholining markazlashgan kanalizasiya tarmog`i xizmati bilan ta`minlanish darajasini 51,5 foizga etkazib, viloyat markazining sanitariya holatini yanada yaxshilaydi. Buning uchun bir kecha-kunduzda 25 ming kubmetr oqova suvni tozalash inshooti rekonstruksiya qilinmoqda. Uchta yangi kanalizasiya nasos stansiyasi barpo etilib, bitta ana shunday inshoot qayta ta`mirlanmoqda. Osiyo taraqqiyot bankining 15,5 milliard so`m kredit mablag`i hisobidan amalga oshirilayotgan bu ishlar asnosida joriy yil 65 kilometr magistral va yuz kilometr ichki xizmat ko`rsatish suv tarmoqlari rekonstruksiya qilinib, to`qqiz yangi suv chiqarish qudug`i barpo etilmoqda. 16 zamonaviy suv uzatish va 26 ichimlik suv chiqarish nasoslarini o`rnatish ishlari ham uyushqoqlik bilan olib borilyapti.

Ayni paytda «Manguzar», «Shimoliy» hamda to`rtinchi va beshinchi kichik dahalardagi suv chiqarish va uzatish havzalari, mavjud 57 kilometr magistral va 116 kilometr ichki suv quvurlari, 22 er osti qudug`i orqali shahar aholisi toza ichimlik suvi bilan ta`minlanmoqda. Yangi loyihaning foydalanishga topshirilishi shahar aholisiga bir kecha-kunduzda 63,5 ming kubmetr ichimlik suvi etkazib berish imkonini yaratadi. O`rnatilayotgan zamonaviy nasoslar iste`molchilarni uzluksiz sifatli ichimlik suvi bilan ta`minlab, 30 foizdan ziyod elektr energiyasi xarajatlarini tejab qoladi.

Loyihani kelgusi yili to`liq foydalanishga topshirish rejalashtirilgan.

    Boshqa yangiliklar