O`zbekiston Respublikasida auditorlik faoliyatini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to`g`risidagi Prezident qarori qabul qilindi. Adliya vazirligining "Huquqiy axborot" kanali xabar berdi.
Qarorga muvofiq 2019 yilning 1 yanvaridan boshlab:
- tijorat tashkiloti uch oy davomida auditorlik faoliyatini amalga oshirish uchun lisenziyaga ega bo`lgan auditorlik tashkilotlari reestriga kiritilmagan bo`lsa, o`z nomida “auditorlik tashkiloti” so`zlaridan foydalanishga haqli emas;
- auditorlik faoliyatini amalga oshirish uchun lisenziya lisenziatga barcha turdagi auditorlik tekshiruvlarini o`tkazish huquqini beradi;
- aynan bitta xo`jalik yurituvchi sub`ektning auditorlik tekshiruvi ketma-ket etti yildan ortiq bo`lmagan muddatda o`tkaziladi;
- 2019 yil 1 yanvardan auditorlik tashkilotlari ustav kapitalining eng kam miqdoriga doir va auditorlik tashkilotlari rahbarlarining attestasiyadan o`tishi bo`yicha talablar bekor qilindi.
2020 yil 1 yanvardan aktivlarning balans qiymati eng kam ish haqining 100 ming barobar miqdoridan ortiq bo`lgan, mahsulotlarni (ishlarni, xizmatlarni) realizasiya qilishdan tushum eng kam ish haqining 200 ming barobar miqdoridan ortiq bo`lgan; xodimlarning o`rtacha yillik soni 100 kishidan ortiq bo`lgan tijorat tashkilotlari har yili majburiy auditorlik tekshiruvidan o`tkaziladi.
Endilikda auditor malaka sertifikati dastlab besh yillik muddatga, navbatdagi muddat o`n yilga va undan keyin muddatsiz davrga beriladi.
Bundan tashqari “Audit” dasturiy majmuasi ishlab chiqiladi va auditorlik faoliyati to`g`risidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun ma`muriy javobgarlik choralarini kuchaytiriladi.






