Amaldagi tartiblarga ko`ra, mamlakatimiz hududiga uchuvchisiz uchish apparatlarini olib kirish, realizasiya qilish va foydalanish taqiqlangan.
Mazkur qurilmalarni faqatgina Vazirlar Mahkamasining alohida qarorlarida ko`zda tutilgan hollarda tegishli tashkilotlar tomonidan olib kirish, realizasiya qilish va foydalanishga ruxsat berilgan.
Ammo poytaxtimiz aeroportida BAAning Sharja shahridan uchib kelgan fuqaro Z.M. mazkur tartiblarni buzishga urindi. Bu haqda Davlat bojxona qo`mitasi axborot xizmati xabar berdi.
Fuqaroga tegishli bagaj bojxona ko`rigidan o`tkazilganda, uning ichida yo`lovchi bojxona deklarasiyasida ko`rsatilmagan va bojxona xodimining og`zaki so`rovida aytilmagan, narxi 14 million so`mdan ortiq bo`lgan 1 dona uchuvchisiz uchish apparati borligi aniqlandi.
Hozirda ushbu holat yuzasidan tekshiruv ishlari olib borilmoqda.






