Toshkent viloyatida 2018 yilgi paxta terimi mavsumi uchun nafaqaxo`rlardan ma`lum miqdordagi pullar ushlab qolingani aniqlandi va surishtiruvlar natijasida ushbu pullar egalariga qaytarildi.
Huquqshunos Xushnudbek Xudayberdiev telegramdagi kanalida ma`lum qilishicha, majburiy mehnatga qarshi kurashish maqsadida jamoatchilik nazorati loyihasi sifatida tashkil etilgan maxsus botga (@paxta2018_bot) Toshkent viloyatining Yangiyo`l tumanida pensionerlarning pensiyasidan paxta uchun pul ushlab qolishganligi haqida murojaat yo`llangan.
Toshkent viloyati prokuraturasi tomonidan ushbu murojaat o`rganib chiqilgan.
“Yangiyo`l shahar hududidagi 15ta mahallada nafaqa oluvchi fuqarolardan noqonuniy ravishda paxta yig`im terimi uchun pul mablag`lari yig`ilayotgani holati aniqlanmadi. Biroq o`rganishda Yangiyo`l shahar, “Yangibog`” M.F.Y. raisi A.R. va mas`ul kotibi X.B. tomonidan paxta terimi uchun nafaqa oluvchi fuqarolardan pul mablag`lari yig`ilgani ma`lum bo`ldi.
Jumladan, murojaatda keltirilgan vajlarni tekshirish davomida “Yangibog`” M.F.Y. raisi A.R.ning paxta yig`im terimiga vodiydan jalb qilingan terimchilar uchun mahallaning har bir xonadondan 25 ming so`mdan pul yig`ish to`g`risidagi topshirig`iga asosan M.F.Y. mas`ul kotibasi X.B. nafaqa tarqatilishi vaqtida nafaqaxo`rlardan 25 ming so`mdan pul yig`ilgani va uyiga olib borib qo`ygani aniqlangan.
X.B. tomonidan nafaqaxo`rlardan paxta yig`im terimi uchun yig`ilgan jami 1.586.000 so`m naqd pullar va pul bergan nafaqaxo`rlar ro`yxati tuzilgan daftar taqdim etildi.
Ushbu daftar ko`zdan kechirilganda jami 71 nafar fuqarodan 1.470.000 so`m yig`ilgani haqida ma`lumotlar borligi aniqlandi.
Mazkur mahalla fuqarolar yig`inidagi 71 nafar fuqaroning 54 nafaridan tushuntirish xati olinganda, ularning 33 nafari o`z xohishi bilan pul berganini tasdiqlagan.
Bundan tashqari, o`rganish davomida Yangiyo`l shahar “Mahalla xayriya jamoat fondi” raisi A.A. 2018 yil paxta yig`im terimi uchun 15ta M.F.Y. raislari bilan o`tkazilgan yig`ilishda Farg`ona viloyatidan jami 150 nafar terimchi olib kelishga kelishilgani, 2018 yil sentyabr oyi boshlarida 15ta mahalla fuqarolar yig`inlari raislaridan 1.000.000 so`mdan jami 15.000.000 so`m pul yig`ilib, Farg`ona viloyati Oltiariq tumanidan terimchilar bilan 750.000 so`mdan kelishib, avans tariqasida har biriga 100.000 so`mdan berib kelingani, ushbu pullar paxta yig`im terimiga chiqishni xohlamagan “uyushmagan aholi”dan va homiylar hisobidan yig`ib olib berishni rejalashtirilishi aniqlandi.
Hozirda mazkur holat yuzasidan tekshirish harakatlari davom etmoqda”, deyiladi xabarda.
Sizda ham majburiy mehnatga oid ma`lumotlar bo`lsa @paxta2018_bot maxsus boti orqali xabar berish so`raladi.






