AsosiyJamiyat

O`zMTDP Toshkent viloyat kengashi Toshkent metropoliteniga o`z takliflarini bildirdi

'O`zMTDP Toshkent viloyat kengashi Toshkent metropoliteniga o`z takliflarini bildirdi'ning rasmi

Yoshlarni vatanparvarlik, milliy qadriyatlarga hurmat, an`analarga sadoqat, ajdodlarimiz tomonidan yaratilgan madaniy, ilmiy, ijodiy meroslarni o`rganish, ularga munosib avlod bo`lish ruhida kamolga etishlarida bugungi avlodning o`z o`rni bor.

O`zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasining dasturi va saylovoldi Platformasida ulg`ayib kelayotgan yosh avlodni har tomonlama barkamol bo`lib voyaga etishlari uchun milliy qadriyatlarimizni, tariximizni, buyuk allomalar, fan va madaniyat darg`alari bo`lgan buyuk shaxslarimizning hayoti va faoliyatini targ`ib qilish, yoshlarimizda milliy g`urur va iftixor tuyg`ularini uyg`otish muhim vazifa etib begilangan.

Ularni yot g`oyalar, turli salbiy holatlar o`z domiga tortmasdan, partiyamiz dasturida e`tirof etilgandek, “Biz kimmiz? Bizning ajdodlarimiz kim? Bizning millatimiz nima hisobidan yuksaldi va butun jahonga mashhur bo`ldi? Bugungi kunda jahon arenasiga chiqish uchun qanday imkoniyatlar mavjud? degan haqli savollarga har bir yosh javob bera olishi uchun bor imkoniyatlardan foydalana olyapmizmi, degan mushohada yuzasidan fikrlashsak.

Respublikamiz poytaxti Toshkent – nafaqat toshkentliklar balki barcha viloyatlik yoshlar, butun mamlakatimiz aholisi, xorijlik mehmonlar ham katta e`tibor qaratadigan rivojlangan shahar. Ayniqsa, talabalikdek oltin davrni bu azim shaharda o`tkazgan yoshlar, bir umr faxr bilan takror-takror unga talpinadilar. Millatimiz faxri bo`lgan bu qadim Shosh bugungi kunda dunyoning eng mashhur shaharlari bilan o`zining boy arxitekturasi, qadimiyligi, zamonaviyligi, Sharq gavhari ekanligi bilan bellasha oladigan shahri azimga aylanib bormoqda.

Toshkent metropoliteni esa, eng gavjum, tezkor yo`lovchilar uchun har tomonlama qulay transport vositadir. Metro bekatlarining bugungi kunda qanday jihozlangani, ayniqsa buyuk allomalarimiz, fan, adabiyot, san`at namoyandalarining nomlari berilgan bekatlarga e`tibor qaratsak.

Mavjud 29 ta bekatdan 8 tasiga buyuk allomalarimiz, taniqli shaxslarning nomlari berilgan: Beruniy, Amir Temur, Mirzo Ulug`bek, Alisher Navoiy, Yunus Rajabiy, Abdulla Qodiriy, G`ofur G`ulom, Hamid Olimjon va Oybek. Bugun axborot asrida yashamoqdamiz. Har bir nigohimizda ko`rganimiz, har on eshitganimiz bu tezkor davrning turfa yangiliklaridan xabardor etmoqda.

Toshkent er osti yo`li bekatlari ham zamon talabidan kelib chiqib, reklama va e`lonlarga boy. Yo`lovchilarning aksariyatini yoshlar va mamlakatimizning uzoq-yaqin viloyatlaridan, qo`shni davlatlardan kelgan mehmonlar tashkil etadi. Kamida 5 daqiqagacha metro poezdlarining kelishini kutib turishni hisobga olsak, metro bekatini kuzatishga vaqt bemalol. Ammo qiziquvchan yo`lovchilarga kerakli ma`lumotlar beruvchi e`lon reklamalar zina maydonlariga qo`yilgan. Metro bekatining ichki hududida turli bezak va naqshlar, chiroqlardan boshqa diqqatni tortadigan ma`lumotlar yo`q. Ayniqsa, buyuk ajdodlarimiz, mutafakkirlarimiz, mashhur shaxslar nomi berilgan bekatlarda. Xo`sh, bu insonlar kim bo`lgan, ularning hayoti, ijodiy, ilmiy faoliyati haqida ma`lumotlar kiraverishda yoritilsa, ichki devorlarda ularning tafakkur durdonalari, asarlari qahramonlarining talqinlari, mashhur to`rtliklari ifoda etilsa, maqsadga muvofiq bo`lar edi. Masalan, Alisher Navoiy metro bekati ichki devorlariga “Xamsa” kitobidagi 5 ta doston nomlari yozilgan. Shu asarlar nomlariga diqqat bilan boqib turgan o`quvchi qizchani fotolavhaga muhrladik.

Mana shu bekatda hazrat Navoiyning hayoti va ijodi haqida qisqacha ma`lumotlar lavhasi bo`lishi kerak emasmidi?! Hikmatga boy ruboiylaridan namunalar sharqona uslubda yozilsa, uning asarlari asosida olingan film yoki spektakllardan fotolavhalar bilan jihozlansa, yo`lovchilarning “shoirlar sultoni” haqidagi taassurotlarini yanada kengaytirgan bo`lar edik. Xuddi shu mulohazalar boshqa bekatlarga ham tegishlidir.

Yana bir masala bu - metro bekatlarining nomlarini e`lon qilinishi ham mentalitetimizga va adabiy til me`yorlariga, so`zlashuv madaniyatiga ham mos deb bo`lmaydi. Agar e`tibor bersangiz vagonlarda quyidagicha e`lon beriladi: Keyingi bekat- Beruniy! Yoki Hamid Olimjon deyilishi ham g`aliz eshitiladi. O`zbekona chiroyli jumla bilan ifoda etilsa, o`rinli bo`ladi degan taklifni bildirmoqchimiz. Masalan, “Hurmatli, yo`lovchilar, keyingi Abu Rayhon Beruniy nomidagi bekat”.

Ma`lumki, har bir metro bekatida monitorlar o`rnatilgan. Agar mazkur monitorlarda yurtimizning turizm salohiyati, madaniy meros ob`ektlari, bugungi bunyodkorlik ishlarini targ`ib etuvchi roliklar namoyish etilsa, yoshlarimiz, poytaxt mehmonlari uchun foydadan holi bo`lmas edi.

Shiddatkor zamon bilan hamnafas bo`lib, ilg`or texnologiyalar, innovasion g`oyalar tashabbuskori sifatida maydonga chiqayotgan yoshlarimizga bugungi taraqqiyotning asosi milliy qadriyatlar, buyuk allomalarimiz moddiy va ma`naviy merosi, ma`naviy jasorat egalari bo`lgan ota-bobolarimiz mehnati samarasi ekanligini barcha jabhalarda targ`ib etish orqali, partiyamiz dasturiy maqsad va vazifalarini amalga oshirishga o`z hissamizni qo`shgan bo`lamiz.

O`zMTDP Toshkent viloyat kengashi

    Boshqa yangiliklar