Buyuk Britaniyaning HSBC banki boshqarma boshlig`i Odilbek Isakov O`zbekiston moliya vazirining maslahatchisi, yangi boshqarma boshlig`i etib tayinlandi.
Moliya vazirligi axborot xizmati xabar berishicha, Odilbek Isakov 1981 yilda tug`ilgan, ma`lumoti oliy, 1998-2000 yillarda Jahon Iqtisodiyoti va Diplomatiya Universitetida tahsil olgan.
Buyuk Britaniyadagi Manchester Metropolitan Universitetining Biznes Iqtisodiyoti bo`yicha bakalavri (BA in Business Economics), Stratklayd Universitetining Moliya bo`yicha magistr (MSc in Finance) darajalariga hamda Malakali Moliyaviy Tahlilchi (CFA - Chartered Finance Analyst) kvalifikasiyasiga ega.
Odilbek Isakov dunyoning eng yirik banklaridan biri HSBC bankidagi 12 yillik mehnat faoliyati davomida Rivojlanayotgan mamlakatlar bilan ishlash bo`yicha investisiya bankiri sifatida tajriba orttirgan. Markaziy va Sharqiy Evropa, Mustaqil Davlatlar Hamdo`stligi, Yaqin Sharq va Afrika davlatlari va davlat tashkilotlari uchun jahon moliya bozorlarida qimmatli qog`ozlar (obligasiyalar, kredit notalar) chiqarishni va banklar sindikatidan kredit olishni tashkil etish bilan shug`ullangan. 2011 yildan beri umumiy qiymati 115 milliard AQSh dollaridan ortiq 70 dan ortiq muvaffaqiyatli qo`shma loyihalarni boshqargan.
2016 yil mart oyidan hozirgacha HSBC investisiya banki rivojlanayotgan mamlakatlar uchun jahon moliya bozorlarida qimmatli qog`ozlar chiqarishni tashkil etish boshqarmasi direktori (London, Buyuk Britaniya) lavozimida ishlab kelgan.
Nufuzli “GlobalCapital” nashrining “Jahon moliya bozorlarida rivojlanayotgan mamlakatlar bilan ishlash bo`yicha eng yaxshi bankir” unvoni uchun 3 karra nominasiya sazovori bo`lgan.






