Toshkent shahar hokimi vazifasini bajaruvchi Jahongir Ortiqxo`jaev “Holley Group” kompaniyasi rahbari Chen Veydun boshchiligidagi delegasiya vakillarini qabul qildi.
Uchrashuvda Bektemir tumanida zamonaviy texnopark bunyod etish loyihasi muhokama etildi. Loyiha 200 million dollarlik to`g`ridan-to`g`ri xorijiy investisiya kiritish hisobiga amalga oshirilib, texnopark hududida tekstil, farmasevtika, mikroelektronika mahsulotlarini ishlab chiqarish rejalashtirilgan. Shuningdek, texnopark 10 mingga yaqin yangi ish o`rni yaratishni ham ko`zda tutadi.
Toshkent shahar hokimligi Matbuot xizmati xabariga ko`ra, "Holley Tashkent" 150 gektar maydonni o`z ichiga olib, yillik ishlab chiqarish mahsuloti eksporti qariyb 2 milliard dollar bo`lishi kutilmoqda.
Ma`lumot uchun, "Holley group" kompaniyasi 1970 yilda Xanchjou (Xitoy) shahrida tashkil etilgan. Bugungi kunda kompaniyaning Shimoliy Amerika, Janubi-sharqiy Osiyo, Evropa va Afrika mintaqalarida filiallari mavjud.






