O`zbekistonga kelish istagida bo`lgan sayyohlar soni 2 barobarga oshdi. Bu haqda Bosh vazir o`rinbosari Aziz Abduhakimov ma`lum qildi, deya xabar beradi O`zA.
Lisenziya berish tartibini soddalashtirilgani sababli joriy yilning 8 oyi davomida 183 ta yangi turoperator faoliyat boshladi. 2017-yilda ularning soni 123 tani tashkil etar edi.
E-visa tizimi joriy etilgandan buyon o`tgan 55 kun mobaynida 46 davlatning 9,5 mingdan ortiq fuqarosiga O`zbekistonga kirish uchun elektron vizalar berilgan.
Sayyohlik tizimini rivojlantirishga qaratilgan yirik loyihalar ishga tushirildi. Bo`stonliqdagi «Amirsoy» tog`-chang`i kompleksi, trening markazi, golf-klub va golf akademiyasiga ega bo`lgan Golf Resort majmuasi, Toshkentdagi «Uch shahar» loyihalari shular jumlasidan.
Turizmni rivojlantirish qo`mitasi vakillarining Germaniya, Fransiya va Misrga amalga oshirgan safarlari davomida mahalliy va xorijiy investorlar ishtirokida qiymati salkam 600 million dollarga teng qo`shimcha investision takliflar ishlab chiqildi.
O`zbekistonning turistik salohiyati Ispaniya, Turkiya, Germaniya, Rossiya va boshqa davlatlarda o`tkazilgan ko`rgazmalarda namoyish etildi. 40 dan ortiq davlatning OAVlarida O`zbekiston haqida ma`lumotlar e`lon qilinib, 20 davlatning 50 ga yaqin OAV vakillari uchun infoturlar tashkil etilgan. Bunda birgina Xitoyning CCTV-7 telekanali tomonidan namoyish etilgan lavhani 150 millionga yaqin kishi ko`rgan.
8 oy mobaynida O`zbekistonga 3,4 million sayyoh kelgan, bu raqam 2017-yilda 1,5 million kishini (+226 foiz) tashkil etgan edi. Joriy yil oxiriga qadar sayyohlar soni 4, 8 millionga etishi kutilmoqda. Turistik xizmatlar eksportidan tushum esa 666,9 million dollarga etgan bo`lib, bu raqam 2017-yildagiga (327,3 million dollar) qaraganda ikki barobardan ham ko`proqqa ortgan.






