Buxoro viloyatining Qorako`l tumanida 10 sentyabr kuni noxush voqea yuz berdi, deb yozmoqda O`zA.
Olib borilgan tergovoldi surishtiruv ishlariga ko`ra ma`lum bo`ldiki, o`sha kuni ertalab “Oq oltin” mahalla fuqarolar yig`ini hududida yashovchi 41 yoshli K.O`. va uning qarindoshi 51 yoshli K.M. hamda tumandagi “Xo`jakon” mahalla fuqarolar yig`inida istiqomat qiluvchi 39 yoshli I.Ya. ov qilish maqsadida yo`lga tushadi.
Ular cho`l etagiga tutash fermer xo`jaliklaridan birining ekin maydonlariga borganlarida, uchib yurgan ikkita qirg`ovulni ko`rib qoladi. Uchovlon ovi baroridan kelishini taxmin qilib, xursand bo`lib ketadi. Kutilmaganda o`sha daqiqalar orasida quvonch o`rnini yuraklarni larzaga keltiruvchi mudhish voqea sodir bo`ladi.
... K.O` darhol o`zining ov miltig`ini qirg`ovul tomonga to`g`rilaydi. Ammo shoshib, ehtiyotsizlikka yo`l qo`yadi. U miltiq tepkisini bosganda, sochma o`q oldinroqda turgan qarindoshi K.M.ning orqasiga tegadi va jarohat etkazadi. Sheriklar vaqtni boy bermaslik maqsadida yaralangan hamrohni mashinada tuman tibbiyot birlashmasiga olib ketishadi. Afsuski, shifoxonaga etganda kech bo`ladi. K.M yo`lda vafot etgani ma`lum bo`ladi.
Viloyat ichki ishlar boshqarmasi matbuot xizmati tomonidan berilgan ma`lumotga ko`ra, mazkur holat yuzasidan fuqaro K.O`.ga nisbatan O`zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining tegishli moddasi bilan jinoyat ishi qo`zg`atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.






