Ma`lumki, Vazirlar Mahkamasi tomonidan davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligini ta`minlash, faoliyatini muvofiqlashtirish va monitoringini olib borish bo`yicha jamoatchilik kengashi shakllantirilgan. Ushbu kengash ekspertlar ishtirokida davlat hokimiyati hamda boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligini monitoring qilib, baholash natijalarini har yili ikki marotaba e`lon qilib boradi.
Sog`liqni saqlash vazirligi axborot xizmati xabariga ko`ra, bugun “Taraqqiyot strategiyasi” markazida Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining “Ochiqlik indeksi” bo`yicha navbatdagi reytingi e`lon qilindi. Uning natijalariga ko`ra, Sog`liqni saqlash vazirligi 64.30 ball bilan mamlakatimizdagi 45 ta davlat hokimiyati va boshqaruvi organi orasida – 4 o`rinni, 21 ta vazirlik ichida esa 3-o`rinni egalladi.
O`tgan galgi reyting baholashda Sog`liqni saqlash vazirligiga davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari orasida 5-o`rin berilgan edi. Joriy yil 1 iyulgacha bo`lgan davrni o`zida ifodalagan “Ochiqlik indeksi” reytingi 45 ta davlat hokimiyati va boshqaruvi organini qamrab oldi.
Shu paytgacha reyting baholashda faqat davlat organlari faoliyatining ochiqligini ta`minlash bo`yicha amalga oshirilgan ishlarga e`tibor qaratilgan bo`lsa, joriy yildan bu ishlarning sifati va soni, uning samaradorligini baholash kabi yangi mezon asosida o`tkazildi. Bunda, eng avvalo, davlat hokimiyati organlari rahbariyatining keng auditoriya bilan muloqoti, uchrashuv, matbuot anjumanlari, brifinglardagi bevosita ishtiroki, axborot xizmatlari faoliyati va ijtimoiy tarmoqlardagi faolligi hamda aholi murojaatlarini o`z vaqtida qanoatlantirilganiga alohida urg`u berildi.

Sog`liqni saqlash vazirligi “Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to`g`risida”gi O`zbekiston Respublikasining qonunida belgilangan talablarga to`liq rioya qilgan holda faoliyat olib bormoqda. Bunda vazirlik Matbuot xizmati fuqarolarning ijtimoiy ahamiyatga molik axborotlardan foydalanish huquqini kafolatlash, davlat organlari va aholi o`rtasida o`zaro axborot almashishning aniq mexanizmlarini yaratish bo`yicha qator amaliy ishlar olib bormoqda.
Ma`lumot uchun, ushbu reytingdagi uchlikni Adliya vazirligi, Axborot texnologiyalari va kommunikasiyalarini rivojlantirish vazirligi va Markaziy bank egallab turibdi.






