Departamentning Samarqand shahar bo`limi tomonidan o`tkazilgan tergovga qadar tekshiruv davomida Samarqand davlat universiteti huzuridagi pedagog kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish mintaqaviy markazi mansabdor shaxslarining qilmishlari fosh etildi.
O`zbekiston Respublikasi Bosh prokuratura matbuot xizmati ma`lum qilishicha, mas`ullar 2017-2018 yillar davomida ta`lim jarayoniga jalb qilinmagan o`qituvchilar tomonidan dars o`tilganligi to`g`risida dars jadvallariga soxta ma`lumotlar kiritgan. Ushbu ma`lumotlar asosida 9 nafar o`qituvchiga o`tilmagan o`quv mashg`ulotlari uchun soxta buyruqlar rasmiylashtirilib, 9,2 mln. so`m ish haqlari to`langan. Shuningdek, markazning 3 nafar rahbar xodimiga asosiy va o`tishi mumkin bo`lgan o`quv mashg`ulotlaridan tashqari dars soatlari uchun 7,4 mln. so`m ish haqlarini noqonuniy ravishda to`lab, jami 16,7 mln. so`m byudjet mablag`larini talon-toroj qilganliklari aniqlangan.
Mazkur holat yuzasidan Samarqand davlat universiteti huzuridagi pedagog kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish mintaqaviy markazi xodimlariga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo`zg`atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.






