Namangan tuman IIB qo`riqlash bo`limi xodimi Muzaffar Jumaboev Sirdaryo ko`prigi xavfsizligini ta`minlashda xizmat qiladi, deb yozmoqda "Xalq so`zi" nashri.
U xizmat vazifasini bajarayotgan kunlardan birida ko`prik oldiga yaqinlashib kelayotgan yosh juvonning g`alati xatti-harakatlari e`tiborini tortadi. To`xtatib, bu erda bo`lishi sababi so`raganda ayol ko`prik ustida sayr qilmoqchi ekanini bildiradi. Ayolning harakatlari shubhali ko`ringani uchun kichik serjant bu holatni qayd daftari yozib qo`yadi. Biroq, oradan biri-ikki daqiqa o`tar-o`tmas ayolni ko`prik qirg`og`iga o`rnatilgan to`siqning ustiga chiqib olganini ko`radi. Hushyor xodim yugurib borib, uni o`zini suvga tashlashidan to`xtatib qoladi. Ayol esa qo`yib yuborishni, hayotdan to`yib ketgani, o`zini cho`ktirmoqchiligini aytadi.
Ichki ishlar xodimi ayolni dalda berib, uni tinchlantirdi. Keyin esa turmush o`rtog`i voqea joyiga chaqirildi. Ma`lum bo`lishicha, 26 yoshli bu juvon oilaviy janjal tufayli uydan chiqib ketgan va yaqinlari tomonidan qidirilayotgan ekan. Shunday qilib, alam ustida o`z joniga qasd qilmoqchi bo`lgan bir insonning hayoti saqlab qolindi. IIB rahbariyati esa hushyor xodimni munosib rag`batlantirdi.






