Faktlar
- Haqiqiy ismi: Krishna Pandit Bxanji.
- Tug`ilgan vaqti: 1943 yil 31 dekabr.
- Mukofotlari: “Oskar”, “Oltin globus”, “Bafta”, Kinoaktyorlar gildiyasi mukofoti.
- Unvoni: Buyuk Britaniyaning “SER” maqomiga ega.
""ISMIMNI O`ZGARTIRGANIMMAShHURLIK OLIB KELDI""
Ben Kingsli 1943 yili 31 dekabrda Yorkshir grafligidagi Skarboro shahrida dunyoga kelgan. Otasi Rahimtilla Xarji Bxanjining kelib chiqishi gujarotlik, asli yahudiy bo`lgan onasi Anna Lina Meri Gudman esa britaniyalik model va aktrisa edi. Ben o`z ijodini teatr sahnasidan boshlagan. U ota-sining maslahatiga ko`ra o`ziga jarangdor taxallus olgan bo`lib, 1967 yildan beri Qirollikning Shekspir teatri aktyori hisoblanadi. Kinoga birinchi qadamini “Qo`rquv eshik ochadi” filmi orqali qo`ygan. Shundan keyin teleseriallarda suratga tusha boshladi. 1982 yili Richard Attenboroning “Gandi” filmida ijro etgan roli uchun birdaniga ham “Oskar”, ham “Oltin globus”, ham “BAFTA” mukofotlariga sazovor bo`lgan. Bundan tashqari, aktyor yana uch marta: 1992 va 2002 yillarda “Bagsi” va “Yoqimtoy maxluq” filmlaridagi ikkinchi darajali roli uchun, 2004 yilda “Qum va tumandan qurilgan uy” filmidagi bosh roli uchun “Oskar”ga loyiq topildi. 2000 yilda Britaniya qirolligi ordeni bilan taqdirlandi.
OILASI
Ben Kingslining to`rt farzandi bor. Uning aktrisa Anjela Morantdan Tomas Bxanji va Jasmina Bxanji, teatr rejissyori bo`lgan Elison Satkliffdan esa Edmund Kingsli va Ferdinand Kingsli ismli farzandlari bor. 2005 yilda Kingsli rafiqasi Aleksandra Kristmann obro`sini to`kadigan suratlarni internetgajoylayotganini ko`rib qolib, u bilan ajrashdi.
2007 yili 3 sentyabrda esa braziliyalik aktrisa Daniela Lavenderga uylandi. O`n yildan beri Angliyadagi Spelsburi hududida istiqomat qiladi.
""SADAQA SO`RAMAGANIM — BAXTIM""
Ben agar bir vaqtlari ismini o`zgartirmaganida, hozir erishgan yutuqlariga erisha olmagan bo`lishi mumkinligiga qattiq ishonadi. Kelgusida aktyor bo`lishini esini tanigan paytdayoq belgilab olgandi va olti – etti yoshlaridayoq o`zini xuddi unga ko`zga ko`rinmas suratga olish guruhi hamrohlik qilayotgandek tutardi. Ammo uning artistona qiliqlari teatr maktabiga qabul qilish guruhi a`zolarini maftun eta olmadi va Benga chiqish eshigini ko`rsatishga shoshilishdi. Oradan bir necha hafta o`tar-o`tmas unga ilk rolni taklif etishdi. Benni aktyor sifatida tarbiyalagan omil esa “Yo`q degani javob emas” nomli eski italyan filmi edi. Film qahramoni bo`lgan bolakay kasal eshagini aziz-avliyolarni qabrini ziyorat qildirib, davolamoqchi bo`ladi. Ammo kattalar uning bu ishiga qarshilik qilishadi. Bola esa birin-sirin barcha din peshvolarining huzuriga kirib, oxiri Papaning oldigacha etadi va eshagini ziyoratga olib borishga muvaffaq bo`ladi. Shunda Ben o`zi uchun “Hatto qotilni ijro etsang ham, undan o`zingga yoqadigan bir jihatni topgin. Aks holda hech narsani uddalay olmaysan” degan xulosa chiqardi. Va buni o`ziga bir umrlik shior qilib oldi. Ben umrida sadaqa so`ramagani uchun ham o`zini baxtli insonlar sirasiga kiritadi. Butun bo`sh vaqtini iloji boricha shaharlardan uzoqroqda, asosan, Oksfordshirdagi fermasida o`tkazishga harakat qiladi. Shu tufayli ham shahar hayotiga qaytganida, uni doim qandaydir kutilmagan sovg`a kutib turadi.
ShARQNING BUYuK HAKIMI ROLI
Ser Ben Kingsliga “Tabib: Ibn Sinoning shogirdi” filmida Sharqning buyuk hakimi Abu Ali ibn Sino timsolini yaratish topshirilganida, hamma undan qoyilmaqom ijroni kutgandi. Va u umidlarni aldamadi.
Ajoyib aktyor ijrosida butun dunyo tan olgan buyuk hakim go`yo hayotdagidek namoyon bo`ladi. Shuningdek, bosh qahramonning yoshligini ijro etgan yosh aktyor Tom Peyn ham o`z rolini ijro etishga butun qalb qo`rini bag`ishlagani sezilib turadi. Albatta, sohibjamol ayolsiz kino kino bo`larmidi? Malohatli aktrisa Emma Rigbi ham o`z qahramonini go`zallik, nazokat, mayinlik ila namoyish etib, tahsinlarga sazovor bo`ldi.
HAYoTIY PRINSIPLARI VA SEVIMLI IBORALARI
- Aktyorlik kasbi haqida juda ko`p xunuk so`zlarni aytishadi. Nazarimda, odamlarning o`zi aktyorlik nima ekanligini tushunishmaydi.
- Har qanday filmda bosh rolni rejissyor ijro etadi. Faqat ko`pchilik bu haqda o`ylab o`tirmaydi.
- Ideal olamda aktyor va rejissyor yaxlitdir. Axir undagi ufq chizig`ida okean va osmonni ajratib turadigan chiziq yo`q-da!
- Men yolg`izlikda o`zini yolg`iz his etadigan odamlar toifasiga kirmayman.
- Yoshing tanlovchan bo`lishingga yordamlashmaydi. Yosh istak-ixtiyoringdan qat`i nazar senga kelib o`rnashadigan filtrdir.
- Angliyada men endi Ser Benman. “Mister” esa qayoqqadir g`oyib bo`ldi. Hatto pasportimda ham yo`q. Ular mening “mister”imni tortib olishdi.
- Hamlet judayam aqlli yigit bo`lgan.
- Tragediya tinchlantiruvchi dori bo`lolmaydi.
- Odamlarga doimo ularning qanchalik shafqatsiz ekanliklarini eslatib turish lozim.
- Yig`iga ko`nikish mumkin emas
- Risar ajdarlar bor joyda bo`ladi
NURIDDIN tayyorladi.





