Dunyoga mashhur ishbilarmon, “Alibaba“ kompaniyasi asoschisi va rahbari 10-sentyabrda (ayni shu sana Xitoyda “O`qituvchilar kuni” sifatida nishonlanadi) 54 yoshni qarshi oladi. Tavallud ayyomida u keksalik nafaqasiga chiqib, umrining qolgan qismini muallimlikka bag`ishlashini ma`lum qildi.
Nashr ma`lumotlariga ko`ra, sobiq ingliz tili o`qituvchisi Jek Ma nafaqaga chiqqandan so`ng ham “Alibaba“ning direktorlar kengashi tarkibida qoladi va kompaniya boshqaruvini kuzatib boradi.
Keltirilgan iqtibosda Jek Ma o`zining keksalik nafaqasiga chiqishi kompaniya “erasi”ning tugashiga ishora emasligi, balki taraqqiyotning yangi davri boshlanishini aytib o`tgan.
1999-yilda tashkil etilgan “Alibaba“ bugunga kelib jahonda raqamli to`lovlar va elektron tijorat bilan shug`ullanuvchi eng yirik kompaniyaga aylandi. Uning asoschisi Jek Ma 40 milliard dollarning egasi sifatida Xitoyning eng boy odami hisoblanadi.
“Alibaba“ asoschisi nafaqaga ketgach, undagi barcha vakolatlar kompaniyaning amaldagi bosh direktori Deniel Chjangga o`tishi kutilmoqda.






