Bugun, 8 sentyabr kuni Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligida “O`zbekiston Respublikasi hududida majburiy mehnatga qarshi olib borilayotgan chora-tadbirlar” mavzuida matbuot anjumani bo`lib o`tdi. Anjumanni vazir Sherzod Kudbiev olib bordi, deb xabar qildi Telegramdagi “Oʻqituvchi” kanali.
Mazkur tadbirda vazir Sherzod Kudbiev O`zbekistonda 2018 yil paxta terimi mavsumida majburiy mehnatning har qanday shakliga qarshi jiddiy choralar ko`rilishini ta`kidladi. Buning uchun esa maxsus tizim ham ishlab chiqilgan. Kimda-kim viloyat, tuman hokimliklari yoki boshqa mas`ullar tomonidan mehnatga majburlansa, u hech bir to`siqsiz vazirlikka shikoyat qilishi mumkin.
Fuqaro Telegram tarmog`idagi @mehnathuquqbot orqali to`g`ridan-to`g`ri vazirlikka murojaat qilishi mumkin. Mazkur botda shikoyatchi o`zi istasa shaxsini anonim holda saqlab qolish imkoniyatiga ega.
Vazir Kudbiev o`tgan yillar davomida O`zbekistonda majburiy mehnat bo`lganligi va buni hech kim inkor qilmasligini ta`kidladi. Shuningdek, bu yil paxta mavsumida majburiy mehnatga yo`l qo`ymaslik to`g`risida qat`iy topshiriq berilganini qayd etdi.
Tadbirda Xalqaro mehnat tashkilotining “O`zbekistonda bolalar va majburiy mehnat bo`yicha uchinchi tomon monitoringi” loyihasi texnik maslahatchisi Yonas Astrup ham ishtirok etdi.






