Baholovchi malaka sertifikatini berish tartibi to`g`risidagi nizom Adliya vazirligida davlat ro`yxatidan o`tkazildi. Adliya vazirligining "Huquqiy axborot" kanali xabar bermoqda.
Baholovchi malaka sertifikatini olishga talabgor bo`lgan shaxsga quyidagi talablar qo`yiladi:
- oliy iqtisodiy, yuridik yoki texnik ma`lumotga, baholovchi yoki baholovchining yordamchisi lavozimida bir yil ish stajiga ega bo`lish;
- qayta tayyorlash kursini tugatganligi to`g`risida sertifikatga ega bo`lish.
Malaka imtihoninin topshirish uchun quyidagi hujjatlar taqdim etiladi:
- imtihon topshirishga ruxsat berish to`g`risidagi ariza;
- so`rovnoma;
- pasport nusxasi;
- oliy ma`lumot to`g`risidagi diplomning nusxasi;
- mehnat daftarchasining nusxasi
- 3,5 x 4,5 hajmdagi 2 dona fotosurat;
- qayta tayyorlash kurslarini tugatganligi to`g`risidagi sertifikat nusxasi;
- xalqaro sertifikatga ega bo`lganlar uchun xalqaro sertifikat nusxasi;
- 184 ming 300 so`m yig`im to`langanligini tasdiqlovchi hujjat;
Ariza tushgan kundan boshlab uch kunlik muddatda talabgorning imtihonga qo`yilishi yoki qo`yilmasligi haqida qaror qabul qilinadi.
Imtihon loyihani himoya qilish va imtihon savollari bo`yicha suhbat o`tkazishdan tashkil topadi va uzluksiz ravishda videoyozuvga (ovozli) tushiriladi.
Malaka imtihoni uchun maksimal ball 100 ball bo`lib, bunda 50 ball loyiha himoyasi uchun va 50 ball savollarga javob uchun beriladi. 70 balldan yuqorini ball olganlar imtihonni muvaffaqiyatli topshirgan hisoblanadi.
Malaka sertifikati 5 yillik muddatga beriladi va uning amal qilish muddati besh yillik muddatga uzaytirilishi mumkin.
Malaka imtihonidan o`tmaganlar o`ttiz kalendar kuni ichida yozma apellyasiya berish huquqiga ega.






