O`zbekistonda jami 45 mingta faoliyat ko`rsatmayotgan bino va qurilishi tugallanmagan ob`ekt saqlanib qolmoqda, ularning 27 mingtasi xususiy mulk hisoblanadi.
Ishlab chiqarish maydonlaridan foydalanish samaradorligini oshirishga doir qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risidagi Prezident qarori qabul qilingani haqida Adliya vazirligining “Huquqiy axborot” kanali ma`lum qilmoqda.
Qarorda ta`kidlanishicha, ilgari xususiylashtirilgan korxonalar bilan ishlashda yondashuv va ish uslubining tubdan o`zgartirilishi bir yarim mingdan ortiq faoliyat ko`rsatmayotgan va kam quvvatli korxonalar faoliyatini tiklash va o`n ikki mingdan ortiq ish o`rinlari yaratish imkonini berdi.
Shu bilan birga, yurtimizda jami 45 mingta faoliyat ko`rsatmayotgan bino va qurilishi tugallanmagan ob`ekt saqlanib qolmoqda, ularning 27 mingtasi xususiy mulk hisoblanadi.
Qarorga muvofiq, tumanlarda darajasida foydalanilmayotgan ob`ektlardan samarali foydalanish bo`yicha namunaviy tarkibdagi idoralararo komissiyalar tuzildi.
Ushbu komissiyalar:
• tegishli hududdagi foydalanilmayotgan ob`ektlarning ro`yxatini shakllantiradi;
• foydalanilmayotgan ob`ektlarda ishlab chiqarishni tashkil etish bo`yicha “yo`l xaritalari” va investisiya loyihalarini mulkdorlar bilan birga ishlab chiqadi;
• mulkidan foydalanmayotgan mulkdorlarga (yuridik shaxslarga) nisbatan ta`sir choralarini qo`llash haqida xulosa taqdim etadi;
• tadbirkorlarga investisiya loyihalarini amalga oshirishda ko`maklashadi.
2018 yil 15 sentyabrdan boshlab:
a) davlat mulki bo`lgan foydalanilmayotgan ob`ektlar sotiladi, davlat-xususiy sheriklik asosida ijaraga beriladi;
b) foydalanilmayotgan ob`ektlar egalariga (yuridik shaxslar) quyidagi ta`sir choralari qo`llaniladi:
• qonunchilikka muvofiq taqdim etilgan soliq imtiyozlarini to`xtatish;
• soddalashtirilgan soliqqa tortish tartibidan soliqlar va boshqa majburiy to`lovlarni umumbelgilangan tartibda to`lashga o`tkazish;
• mol-mulk va er soliqlarini o`rnatilgan stavkaga nisbatan ikki baravarga oshirish (6 oy o`tgandan so`ng – besh baravarga, 12 oydan keyin o`n baravarga oshiriladi).
Ta`sir choralari davlat tashkilotlarning aybiga ko`ra investisiya loyihasini amalga oshira olmaganlarga, shuningdek foydalanilmayotgan ob`ektdan samarali foydalanish bo`yicha “yo`l xaritasi”ni (investisiya loyihasini) taqdim etgan va amalga oshirishni boshlaganlarga nisbatan qo`llanilmaydi.
Ta`sir choralari mulkdorning idoralararo komissiya xulosasi bilan tanishganidan keyingi oydan boshlab qo`llanadi.
Ta`sir choralarini qo`llash haqidagi xulosasini chiqarish uchun foydalanilmayotgan ob`ektdan foydalanish bo`yicha takliflar taqdim etilmaganligi yoki tasdiqlangan “yo`l xaritasi”ning bajarilmasligi asos bo`ladi.
Davlat raqobat qo`mitasi va Davlat soliq qo`mitasiga bir oy muddatda foydalanilmayotgan mulklar bo`yicha elektron ma`lumotlar bazasini shakllantirish va ularning mulkdorlariga nisbatan ta`sir choralari qo`llash yuklandi.






