AsosiyJamiyat

Korrupsiyaga qarshi kurashgan leytenant 2 million so`m bilan mukofotlandi

'Korrupsiyaga qarshi kurashgan leytenant 2 million so`m bilan mukofotlandi'ning rasmi

Navoiy viloyati Zarafshon shahridagi Yoshlik mahallasi ichki ishlar organlari tayanch punktlarining profilaktika inspektori, leytenant Shuhrat Muhamedovga hududda yashovchi fuqaro murojaat qiladi.

Murojaatda A.Azlarov tanishi J.Abdusattorovni (ism va familiyalar o`zgartirilgan) bir ayol bilan nikohlagani bildiriladi. Masalaning yomon tomoni, J.Abdusattorovning oilasi borligini bila turib A.Azlarov yashirincha nikoh o`qiydi.

Dastlabki surishtiruvlarga ko`ra, barchasi o`z isbotini topadi. Qilmishining misi chiqqan A.Azlarov xavotirga tushib, ishni bosti-bosti qilish chorasini izlaydi. Profilaktika inspektori, leytenant Shuhrat Muhamedovga 500 ming so`m pora taklif qiladi.

Navoiy viloyati ichki ishlar boshqarmasi matbuot xizmatining xabar berishicha, profilaktika inspektorining bildirgisi asosida shu kunning o`zidayoq o`tkazilgan tezkor tadbir natijasida fuqaro A.Azlarov 300 ming so`m miqdoridagi pullarni pora sifatida berayotgan vaqtida ashyoviy dalil bilan qo`lga olinadi. Mazkur holat yuzasidan 2018 yil 5 sentyabr kuni fuqaro A.Azlarovga nisbatan O`zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli moddasi bilan jinoyat ishi qo`zg`atildi, deb yozmoqda O`zA.

Darhaqiqat, O`zbekiston Respublikasining “Korrupsiyaga qarshi kurashish to`g`risida”gi qonuni ijrosini ta`minlashda Ichki ishlar vazirligi ham korrupsiyaga qarshi kurashish bo`yicha faoliyatni bevosita amalga oshiruvchi davlat organlaridan biri hisoblanadi.

Bugungi kunda vazirlik tizimida xizmat olib borayotgan xodimlarning faoliyatida poraxo`rlik va tamagirlik bilan bog`liq salbiy holatlarning oldini olish bo`yicha bir qator ishlar amalga oshirilmoqda. Xizmat faoliyatini suiiste`mol qilib, pora olganligi aniqlangan xodimlarga nisbatan qonun talablari asosida murosasiz choralar ko`rilmoqda. Shu bilan birga, tizimdagi xodimlar orasida o`z vazifasiga sidqidildan yondashib, xizmat burchini barcha narsadan ustun qo`yadigan xodimlar doimiy ravishda munosib rag`batlantirib kelinmoqda. Bu esa soha xodimlarini vatanparvarlik, el-yurtga sodiqlik ruhida xizmat olib borishida muhim omil bo`lmoqda.

Xususan, o`z xizmat vazifasiga vijdonan va sidqidildan yondashib, qonunchilik buzilishining oldini olish, fuqarolar orasida ichki ishlar organlari xodimlariga nisbatan bo`lgan ishonchning mustahkamlanishiga munosib hissa qo`shganligi hamda yuksak kasb mahoratini namoyon etganligi uchun mahalla profilaktika inspektori leytenant Shuhrat Muhamedov 2 million so`m pul bilan mukofotlandi.

    Boshqa yangiliklar