AsosiyJamiyat

Qurbon hayiti arafasida benazir tuhfa

Istiqlol. Bu so`zning ildizlari qadim moziyga borib taqaladi. Xalqimizning metin irodasi, mustahkam e`tiqodi, asriy orzu-intilishlari ana shu so`z zamirida mujassamdir. 1991 yil xalqimizning qalb to`ridagi ezgu niyatlar o`z ro`yobini topdi – yurt, xalq, e`tiqod chinakamiga o`z hurriyatini qo`lga kiritdi. Ozod diyorning har bir kuni imon va vijdon erki bilan shukronalarga yo`g`rildi. Qisqa vaqt ichida uning beqiyos samarasi qadriyat, din va ma`naviyat sohalarining uyg`unligida namoyon bo`la boshladi.

Mustaqillik yillarida umrini imon va e`tiqod, vatanparvarlik va insonparvarlik, ilm va ma`rifat yo`lida fido etgan aziz avliyolarning xotirasini e`zozlash, ular xoki mangu qo`nim topgan manzillarni obod etish borasida ulkan va savobli ishlar amalga oshirildi. Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Burhoniddin Marg`inoniy, Bahouddin Naqshband, Ahmad Farg`oniy kabi alloma ajdodlarimizning tavallud sanalari keng miqyosda nishonlandi, ko`rkam maqbaralari qad ko`tardi. Nafaqat mamlakatimizda, balki xorijda o`tkazilayotgan nufuzli tadbirlarda ham bu boradagi amaliy ishlar xalqaro hamjamiyat tomonidan yuksak baholanmoqda. Ayniqsa, ISESSO tashkiloti O`zbekistonning madaniy va ma`naviy qadriyatlarni tiklash, islom madaniyatini yanada boyitish, o`tmish yodgorliklarini asrab-avaylashga qaratilgan sa`y-harakatlarini munosib baholab, 2007 yilda Toshkent shahrini islom madaniyatining poytaxti deb e`lon qilgani buning yaqqol tasdig`idir. Bu e`tirof zamirida shu muqaddas tuproqda tavallud topib, uning shuhratini ko`klarga ko`targan, jahon ilmu fani taraqqiyotiga benazir hissa qo`shgan minglab alloma zotlarning xizmatlari, ayni vaqtda ana shu ulkan tarixiy merosni tiklab, xalqimizga taqdim etishda tashabbus ko`rsatayotgan jonkuyar insonlarning fidoyi mehnatlari yotibdi desak, yanglishmaymiz.

«Dinga hurmat va e`tiqod biz uchun o`lmas qadriyatdir», - deydi Yurtboshimiz. Mamlakatimizda obod etilgan minglab ziyoratgohlar, masjid va madrasalar, mo``tabar qadamjolarga tashrif buyurgan kishi muqaddas dinimizga qaratilayotgan yuksak e`tibor va ehtiromning jonli guvohiga aylanadi. Toshkentning Minor mavzesida qad rostlagan yangi masjid ham qadimiy va navqiron shahrimizning ko`rkiga ko`rk baxsh etdi. Ikki mingdan ziyod namozxonni o`z bag`riga oluvchi mazkur masjid sharqona me`morlik uslubida bunyod etilib, ikkita peshtoq, ikkita minora va moviy osmon shaklidagi gumbazni o`z ichiga olgan. Masjid hovlisining ikki tomonida milliy yog`och o`ymakorligi uslubida bezatilgan ustunlar saf tortgan ko`rkam ayvon qad rostlagan. Mehrob va peshtoqlarda bitilgan insonlarni ahillik, mehr-muruvvat va ezgulikka chorlovchi muqaddas Qur`on oyatlari, hadisi shariflar milliy naqsh bezaklari bilan ziynatlangan. Masjid hududidagi ko`rkam maysazor, betakror xiyobon shahar manzarasiga o`zgacha husn baxsh etmoqda. Keng, shinam, zamonaviy jihozlarga ega tahoratxona namozxonlarga har tomonlama qulayliklar yaratgan.

Yurtboshimizning g`oya va takliflari asosida bunyod etilgan ushbu noyob me`morlik obidasi mo`min musulmonlarimiz uchun muqaddas Qurbon hayiti arafasida benazir tuhfa bo`ldi. 

Shuni mamnuniyat bilan ta`kidlash lozimki, mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan ikki mingdan ziyod masjidlarimizda ham ibodat qiluvchilarga har tomonlama qulayliklar yaratish maqsadida doimiy tarzda qurilish va obodonlashtirish ishlari olib borilmoqda. Xususan, joriy yilda Toshkent shahridagi «Chimir ota» va «Hasanboy», Jizzax viloyatidagi «Xo`ja Nuriddin» va «Sharloq», Namangan viloyatidagi «Shamsiddin Eshon», Qashqadaryo viloyatidagi «Langar ota» kabi masjidlarda amalga oshirilgan keng qamrovli bunyodkorlik ishlari yurtimizda vijdon erkinligini ta`minlash, dinu diyonatga qaratilayotgan yuksak e`tiborning yorqin namunasidir.

Manba: Din ishlari bo`yicha qo`mita rasmiy sayti. 

    Boshqa yangiliklar