Butun musulmon dunyosida, jumladan bizning diyorimizda ham Qurbon hayiti keng nishonlanmoqda. Asrlar mobaynida bu bayram ezgulik, mehr-oqibat, poklik ayyomi sifatida nishonlab kelinadi. Qurbon hayiti kunlari yaqinlar holidan xabar olish, ehtiyojmand kishilarga muruvvat ko`rsatish xalqimizning ezgu an`analaridan sanaladi.
“O`ng qo`ling qilgan ishni chap qo`ling bilmasin”
Dinimizning muqaddas manbalarida nafaqat ana shunday bayram kunlarida, balki har doim muhtoj kishilarga yordam qo`lini cho`zish, yaxshilik, xayr-saxovat singari ezgu amallarni ko`paytirishga da`vat etiladi.
Qurbon hayiti kunlarida qurbonlik qilinishi zamirida ham avvalo iymon-e`tiqod sinovi, qolaversa, insoniylik, mehr-muruvvat yotadi. Chunki, shu kunlarda qurbonlik qilingan jonliqlarning eti asosan kam ta`minlangan oilalarga, etim-esirlarga tarqatiladi. Dinimizda o`ziga to`q, mol-davlati etarli bo`lgan har bir musulmon uchun qurbonlik qilish buyuriladi. Imkoni bo`la turib, bu amaldan bo`yin tovlaganlar gunohkor bo`ladilar.
Shu o`rinda alohida ta`kidlash joizki, dinimizda xasislik, oqibatsizlik qanchalik qoralansa, isrofgarchilik, odamlarga ko`z-ko`z qilish uchun qilingan xayr-ehson, riyokorlik ham qat`iy taqiqlanadi. Muqaddas hadislarimizda “o`ng qo`ling qilgan ishni chap qo`ling bilmasin” deya marhamat qilingan.
Hazrat Navoiy ham “Hayrat ul-abror”dostonida yozadilar:
Sochmoq ovuch birla guhar ot uchun,
Naqd etak birla mubohot uchun.
Aql hisobidin erur ko`p yiroq,
Buxl bu judingdir erur yaxshiroq.
Demak, isrofgarchilik, riyokorlik, kibru havo uchun qilingan ehson xasislikdan ham yomonroq illat ekan. Afsuski, oradan asrlar o`tsa-da, bu illat batamom yo`qolib ketmagan. Hukumatimiz tomonidan bir qator choralar ko`rilayotganiga qaramay, to`y-ma`rakalarimizdagi isrofgarchilik holatlari yo`qolib ketmayapti.
Riyodan uzoq bo`laylik
Bugun qay bir mahalla yo qishloqqa kirib bormang, albatta, biror to`yning ustidan chiqasiz. Bir paytlar to`ylar asosan, hovlilarda bo`lardi. Endilikda har bir tuman yo shaharda bir-biridan shinam to`yxonalar qurilyapti. Albatta bu yurtimizdagi obodlik, farovonlik nishonasi. Ammo, ana shunday to`yxonalarda o`tayotgan to`y-hashamlardagi ortiqcha dabdaba kishini o`yga toldiradi.
Ba`zi to`ylarga borib, u erdagi to`kin-sochinlikdan hayratga tushasiz. El tanigan xonandalar biri olib, biri qo`yib kuylaydi. Kelin-kuyov qimmatbaho xorij mashinalari karvonida dabdaba bilan to`yga kirib kelishadi. To`ydan tashqari, sarpoyu suruvlar haqida-ku gapirmasa ham bo`ladi...
Albatta bunday to`ylar bor boricha, yo`q holicha qilinsa-ku mayli. O`ziga to`q xonadonlarga havas qilib, to`yni bekamu ko`st o`tkazish ilinjida qarz botqog`iga botib chiqayotganlar ham ko`p.
Shu o`rinda bir voqeani so`zlab beray. Bir tanishim bor. O`rtamiyona kun ko`radi. Amakisi esa, kattakon tadbirkor, ikki-uchtalab korxonasi bor. Sinfdoshim uning korxonasida oddiy ishchi. Arzimas maosh oladi. Aka-ukalari bilan torigan hovlida siqilib qolishgan.
Sinfdoshimning amakisi yaqinda to`y qildi. To`yga o`nlab mashhur san`atkorlar borishdi. Hisoblab ko`rilsa, birgina san`atkorlar uchun sarflangan pulning o`ziga bundayroq uy qursa bo`larkan. O`sha badavlat amaki to`y xarajatlarini sal qisqartirib, o`z jiyanining uy qurilisha ko`maklashsa bo`lmasmidi?
Bunday misollarga ko`p. Yaqinda poytaxt mahallaridan biriga borib qoldim. Qator saf tortgan hashamatli uylarni ko`rib, bu erda asosan boy oilalar yashashini tushundim. Uylarning naqshu nigoridan ko`z qamashadi. Xuddi atayin uy qurish uchun musobaqa tashkil qilingandek. Biroq, ko`chaning ahvoliga qarab bo`lmaydi. Nahotki bu o`ydim-chuqur yo`l “Boyguzar” ahlining hech birini o`ylantirmagan bo`lsa? Bunday hashamatli uy qurgan odamlar uchun ellik metrlik ko`chaga asfalt yotqizish unchalik og`irlik qilmas?
Xuddi shu mahalladaning bir chetidagi g`aribgina kulba ham e`tiborimni tortdi. Eshitishimcha, bu uyda bir chol-kampir turisharkan. Ularning kulbasi xuddi zar choponga tushgan yamoqni eslatadi. Badavlat qo`shnilar shu omonatgina uy oldidan kunda necha marotaba o`tisharkin? Loaqal savob uchun shu nuragan uyni ta`mirlash nahot hech kimning xayoliga kelmadi ekan?
Boylik ham inson uchun bir imtihon. Afsuski, bu imtihondan hamma birdek omadli o`tolmaydi. Kimdir boylikni xayrli ishlarni ko`proq qilish uchun berilgan imkon deb bilsa, yana kimdir dabdabali hayot kechirish va boshqalarga o`zini ko`z-ko`z qilish uchun qulay imkoniyat deya qabul qiladi. Afsuski, keyingi toifadagilar ko`pchilikni tashkil etadi.
Savollarga javob izlab...
Albatta, xorijning eng ko`rkam va shinam mashinada yurishingizning yomon tomoni yo`q. Ammo, ana shu mashinada bir marta bo`lsin bemor qo`shningizni shifoxonaga olib bordingizmi? Shohona to`y qildingizmi, omadingizni bersin. Ammo, shu to`yda mahallangizdagi eng faqir odamni ham aytish esingizdan chiqmadimi? To`yga falon ming dollar sarflab pistonchi “yulduz” xonandani chaqirdingizmi, qandingizni uring. Biroq, qizining shartnoma pulini to`lolmay boshi qotib turgan yaqin do`stingiz haqida ham birrov o`ylab ko`rdingizmi?
Balki bu savollar kimningdir ensasini qotirayotgandir. Ammo, bu savollarni tez-tez o`zimizga, yon-atrofimizdagilarga berib tursak yomon bo`lmasdi.
Qurbon hayiti mehr oqibat ayyomi dedik. Hayit namozi o`qilgach, ko`pgina xonadonlarda qurbonlik qilinadi. Ko`p o`tmay, muqaddas Haj ziyoratidan qaytgan otaxonu onaxonlarimiz sharafiga “haj to`ylari” o`tkaziladi. Albatta, bunday marosimlar, xayr-ehsonlarning xosiyati bisyor. Ammo, bunday marosimlar riyokorlikdlan xoli, sarf-xarajatlar ham me`yorida bo`lmog`i lozim.
Xalqimiz qutlug` ayyomiga peshvoz chiqayotgan ayni kunlarda har bir amalimiz ezgulikka xizmat qilsin. Bag`rikenglik, poklik va mehru muruvvat ayyomi bo`lgan Iyd al-adha – Qurbon hayiti muborak bo`lsin, azizlar!
Islom.uz, muslim.uz saytlari materiallari asosida tayyorlandi.





