O`zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo`mitasi 2018 yilning avgust oyi uchun Respublika iste`mol sektoridagi inflyasiya darajasini ma`lum qildi.
2018 yilning avgust oyida tovar va xizmatlar narxlari darajasi o`rtacha 0,3 foizga oshdi (yanvar oyida inflyasiya 2,7 foiz, fevralda 1,1 foiz, mart oyida 1,1 foiz, aprelda 0,9 foiz, may oyida 0,8 foiz, iyun va iyul oylarida deflyasiya 0,4 foiz va 0,3 foiz).
Joriy yilning yanvar-avgust oylari davomida inflyasiya darajasi 6,2 foizni tashkil qildi.
Yanvar-avgust oylarida iste`mol narxlari indeksi (INI) dinamikasi
(o`tgan oyga nisbatan, foiz)

Iste`mol bozoridagi narxlar yanvar oyida sezilarli darajada qimmatlashdi (2,7 %). Iyun va iyul oylari davomida ichki iste`mol bozorlarining qishloq xo`jaligi mahsulotlari bilan to`yinishi natijasida oziq-ovqat mahsulotlari narxlari darajasi hamda umumiy inflyasiya darajasining pasayishiga o`z ta`sirini o`tkazdi.
Kuzatuv natijalariga ko`ra, oy davomida tovarlar narxi o`rtacha 0,3 foiz va xizmatlar 0,4 foiz qimmatlashganini joriy yilning avgust oyidagi narxlar tendensiyasini «tovar va xizmatlar narxlarining bir maromda o`sishi», deya tavsiflashimiz mumkin. Yillik inflyasiya tahlil natijalari shuni ko`rsatmoqdaki (o`tgan yilning mos oyiga nisbatan), mamlakat iqtisodiyotiga nisbatan inflyasiya bosimining eng yuqori darajasi joriy yilning yanvar oyi (20,1 foiz) hissasiga to`g`ri keladi va keyingi oylardan boshlab ushbu tendensiya aksincha, ya`ni, pasayish tomon harakatlanganini ko`rishimiz mumkin.
Inflyasiya darajasi dinamikasi (INI bo`yicha)
(o`tgan yilning mos oyiga nisbatan, o`sish %)

Joriy yilning yanvar-avgust oylarida infilatsion trendlarda ta`sir ko`rsatgan asosiy omillar orasida quyidagilarni alohida qayd etish mumkin:
• mavsumiylik hamda iqlim sharoitlari ta`sirida meva va sabzavot guruhi mahsulotlari, shuningdek, sutli mahsulotlar, tuxum hamda parranda go`shti narxlarining o`zgarishi;
• import mahsulotlari bilan ichki bozorlarning to`yinganligi (masalan, shakar va o`simlik moyi);
• em-xashak (chorva ozuqalari) narxlarining ko`tarilishi natijasida chorva mollarining qimmatlashishi, shuningdek, aholi tomonidan mol go`shti mahsulotlariga bo`lgan talabning ortishi;
• guruch narxlarining qimmatlashishi iste`mol bozoridagi ushbu mahsulot hajmining kamayishi hamda ishlab chiqaruvchilar va sotuvchi tadbirkorlar tomonidan mavsumiy qurg`oqchilik, shuningdek, sholi ekin maydonlarining qisqartirilishi oqibatida kutilayotgan tahminlar;
• milliy valyuta qiymatining mustahkamlanishi hamda bir qancha tashqi savdo omillari natijasida import qilinuvchi mahsulotlar va ayrim turdagi xizmatlar narxlari, shuningdek, inflyasiya darajasining oshib ketmasligiga sezilarli darajada ta`sir ko`rsatganligi (havo transporti xizmatlari shular jumlasidandir);
• qurilish materiallari narxlarining qimmatlashishi ishlab chiqaruvchi mahalliy tadbirkorlar o`z mahsulotlari narxlarini oshirishlari natijasida vujudga keldi va bu o`z navbatida, iqtisodiyotga nisbatan inflyasiya bosimining ortishi bilan bir qatorda uning o`sishiga 0,8 foiz (yoki, o`tgan 8 oy davomida inflyasiyadagi umumiy ulushi miqdori 12,9 foiz) darajada ta`siri;
• ishlab chiqaruvchilar xarajatlarining oshishi natijasida ma`muriy jihatdan tartibga solinuvchi kommunal sohasidagi xizmatlar narxlari qimmatlashdi. Bu, o`z navbatida, mamlakatdagi inflyasiya darajasiga bevosita va bilvosita ta`sir etdi (umumiy inflyasiya darajasidagi ta`sir ulushi 0,8 foiz);
• yoqilg`i-moylash mahsulotlari bozorida shakllanayotgan holatlar natijasida aholiga avtomobillarga gaz to`ldirish shahobchalari orqali sotiluvchi metan va propan narxining sezilarli darajada qimmatlashishi umumiy inflyasiya darajasining 0,4 foiz ko`tarilishiga sabab bo`ldi;
• eng kam oylik ish haqi (EKOIH) miqdorining oshirilishi ham umumiy inflyasiya darajasiga o`z hissasini qo`shishi bilan bir qatorda, uning inflyasiyaga bevosita (EKOIH miqdoriga bog`liq bo`lgan xizmatlar: huquqiy tusdagi, alohida turdagi bank xizmatlari, veterinariya xizmatlari va h.k.) hamda bilvosita (iste`mol talablarini rag`batlantirish va iqtisodiyotga qo`shimcha pul mablag`larini jalb qilish) yo`llari orqali ta`sir etishi;
• “GM Uzbekistan” AJ korxonasi tomonidan ishlab chiqarilgan engil avtomobillarning chakana sotish narxlarini o`rtacha 7,7 foizga oshirilishi respublikaning umumiy inflyasiya darajasiga 0,05 foiz miqdoridagi ta`siri;
• spirtli ichimliklar hamda tamaki mahsulotlari aktsiz soliqlarining 2018 yilning 1 yanvaridan oshirilishi va O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yilning 5 mart kunidagi «O`zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligini tashkil etish to`g`risida»gi PQ-3583-son Qaroriga asosan 2018 yilning 1 iyunidan boshlab pivo va aroq mahsulotlari ishlab chiqaruvchi korxonalarga jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish maqsadlariga yo`naltirilgan qo`shimcha to`lovlarning joriy qilinishi natijasida spirtli ichimliklar 12,5 foizga va tamaki mahsulotlari narxi o`rtacha 15,2 foizga qimmatlashdi (inflyasiyaga ta`siri 0,2 f.d.).






