Ozarbayjonning “Trend az” axborot agentligi O`zbekistoning xalqaro hayotiga bag`ishlangan “O`zbekiston Prezidenti Tojikistonning yirik davlat arboblarini taqdirladi”, “O`zbekiston va Turkiya hamkorlikda gaz ballonlar ishlab chiqarmoqda”, “O`zbekiston yil yakuniga qadar 5 ta hududiy investisiya loyihalarini amalga oshirmoqchi”, “O`zbekiston va Qozog`iston hamkorlik aloqalarini rivojlantirish yo`lida muhim masalalarni hal etdi” kabi maqolalarni e`lon qildi, deb xabar bermoqda O`zA.
Maqolalarda O`zbekistonning xorijiy davlatlar bilan hamkorligi, yirik miqdordagi investisiyalar asosida mamlakatda salmoqli biznes loyihalar amalga oshirilayotgani, bunday loyihalarni tatbiq etish uchun yaratilgan imkoniyatlardan investitorlar mamnun bo`layotgani qayd etilgan.
Shuningdek, Prezidentimizning chet el davlatlari bilan munosabatlarni yaxshilash yo`lidagi tashabbuslari mamlakat rahbarlari tomonidan qo`llab-quvvatlanayotgani e`tirof etilgan. Xususan, Tojikiston rahbari Emomali Raxmonning O`zbekistonga tashrif doirasida ikki davlat o`rtasida 27 ta, Qozog`iston deligasiyasining O`zbekistonga tashrif doirasida ko`plab sohalarda xamkorlik kelishuvlari imzolangani aytib o`tilgan.






