Farg`ona viloyatidagi “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazining shahar va tuman bo`linmalariga “Spark” avtomashinalari topshirildi. Bu haqda O`zA xabar bermoqda.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning joriy yil 2 fevralidagi “Xotin-qizlarni qo`llab-quvvatlash va oila institutini mustahkamlash sohasidagi faoliyatni tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi farmoni ijrosi mamlakatimiz xotin-qizlarining jamiyat hayotida faol ishtirokini ta`minlashda muhim huquqiy asos bo`lib xizmat qilmoqda. Mazkur farmonga muvofiq, Vazirlar Mahkamasi huzurida “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazi va uning hududiy bo`linmalari tashkil etildi.
O`tgan davr mobaynida “Oila” markazining Farg`ona viloyat boshqarmasi va hududiy bo`linmalari tomonidan yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlash, oiladagi nizoli holatlarni hal qilishning huquqiy va psixologik asoslarini o`rgatish, ajrishlarning oldini olish borasida bir qator ishlar amalga oshirildi. Sog`lom oila qurish, sog`lom farzandni dunyoga keltirish, sog`lom turmush tarzini yuritish asoslarini xotin-qizlar orasida manzilli targ`ib etish maqsadida yakka tartibda tushuntirish ishlari, ochiq muloqot, sayyor qabul va davra suhbatlari o`tkazilmoqda.
– Oila institutini mustahkamlash bo`yicha, eng avvalo, “Sog`lom oila – sog`lom jamiyat” konseptual g`oyasini hayotga tatbiq etishga yo`naltirilgan yagona davlat siyosatini olib borish maqsadida aniq tadbirlarni belgilab olganmiz, – deydi “Oila” markazining Quvasoy shahar bo`linmasi rahbari Mag`firatxon Hasanova. – Oilalar bilan alohida suhbatlar olib borilyapti, sayyor qabullar uyushtirilmoqda va tushuntirish va targ`ibot ishlari natijasida o`tgan 7 oyda ajrimlar soni 2017 yilga nisbatan 60 taga kamaydi, 8 oy davomida 97 ta oila yarashtirildi. Hatto sud qarori bilan ajrim masalasi hal bo`lgan Abdurahimovlar oilasi qayta nikohdan o`tish uchun ariza topshirishdi. Xotin-qizlar o`rtasidagi jinoyatchilik teng yarmiga kamaydi.
Haqiqatan ham bugungi kunda oilaviy tarbiyada umuminsoniy qadriyatlarning o`rnini yuksaltirish va uning oilada uyg`unlashuvini ta`minlashga alohida e`tibor qaratish lozim. Shu bois ham yangidan tashkil etilgan “Oila” markazlari oldida juda mas`uliyatli va dolzarb masalalar ko`ndalang turibdi.
“Oila” markazlari shahar va tuman bo`linmalari faoliyatini qo`llab-quvvatlash, ularga etarli shart-sharoitlar yaratib berish maqsadida “Spark” avtomashinalari topshirildi.
Tantanali marosimda Farg`ona viloyati hokimi Shuhrat G`aniev so`zga chiqdi.






