O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning O`zbekiston o`qituvchi va murabbiylariga yo`llagan bayram tabrigi
Muhtaram ustoz va murabbiylar!
Avvalo, sizlarni umumxalq bayrami – O`qituvchi va murabbiylar kuni bilan samimiy tabriklab, barcha-barchangizga o`zimning yuksak hurmat-ehtiromim va ezgu tilaklarimni izhor etishdan baxtiyorman.
Bugun biz mana shu qutlug` ayyomni keng nishonlar ekanmiz, siz, azizlarning bolalarimiz, yosh avlodimizga bilim va tarbiya berishdek o`ta murakkab, o`z kasbiga mehr va sadoqatni, butun borlig`ini bag`ishlashni, fidoyilikni talab etadigan sharafli mehnatingiz uchun siz, muhtaram muallimlar zoti oldida barchamiz chin qalbimizdan, yuragimizdan sizlarga minnatdorlik bildirishni o`z burchimiz deb bilamiz.
Ayni shu fikrlarni, ya`ni farzandlarimizni kamol toptirish, ularga ilmu fan sirlarini o`rgatishdek g`oyat mas`uliyatli ishni ado etib kelayotgan insonlarning hech narsa bilan o`lchab, qiyoslab bo`lmaydigan olijanob mehnatini inobatga olib, bundan 18 yil muqaddam O`qituvchi va murabbiylar kunini ta`sis etganimiz va uni umumxalq bayrami darajasiga ko`targanimiz jamoatchiligimiz, butun xalqimizning xohishi va intilishini o`zida mujassam etadi, desam, o`ylaymanki, haqiqatni aytgan bo`laman.
Aziz ustozlar, muallimlar!
Dunyoda “o`zbek modeli” deb tan olingan, mamlakatimiz milliy taraqqiyot strategiyasining ajralmas qismi bo`lgan Kadrlar tayyorlash milliy dasturini o`z vaqtida qabul qilib, amalga oshirganimiz yangi hayot, yangi jamiyat qurishda eng kuchli, aytish mumkinki, eng qudratli omil bo`lib, nafaqat ta`lim sohasini, balki odamlarimizning dunyoqarashini, butun hayotimizni tubdan o`zgartirib yuborgani haqida bugun har qancha g`ururlanib, faxrlanib gapirsak, arziydi, albatta.
Biz o`z oldimizga qo`ygan ezgu maqsadlarga erishish yo`lida, jumladan, eng murakkab, shu bilan birga, hal qiluvchi ahamiyatga ega bo`lgan ta`lim-tarbiya sohasida g`oyat muhim masalani echishda, ya`ni, biz boshlagan ishlarni davom ettiradigan, zamonaviy bilim va kasb-hunarlarni egallagan, yangilikka intilib yashaydigan, hech kimdan kam bo`lmaydigan yosh avlodni tarbiyalash borasida haqiqatan ham qiyin va mashaqqatli yo`lni bosib o`tganimiz, avval tajribamizda mutlaqo ko`rmagan marralarni zabt etishga qanday katta mehnatimiz singganini alohida ta`kidlash o`rinlidir.
Ta`lim sohasidagi noyob dasturlarimizning ijrosi qancha kuch va imkoniyat, qancha mablag`ni talab qilgani – bu o`z yo`li bilan, lekin mana shunday ulkan va ulug`vor ishlarni amalga oshirishda aynan sizlar o`zingizni ayamasdan, sidqidildan mehnat qilganingiz hisobidan biz yurtimizda bu sohada tub burilish va o`zgarishlarga ham nazariy, ham amaliy poydevor yaratdik.
Qancha-qancha yangi ta`lim standartlari, o`quv dasturlari, qo`llanma va darsliklarni ishlab chiqib, amalda joriy etish, ularni har bir o`quvchi, har bir talabaning ongu shuuriga singdirish uchun butun soha xodimlari, siz, hurmatli muallim va ustozlar bu maktabdan avvalo o`zingiz o`tganingiz, beminnat xizmat qilib kelayotganingizni haqiqiy fidoyilik namunasi, desak, hech qanday xato bo`lmaydi.
Mamlakatimiz, davlatimiz uchun hal qiluvchi murakkab bir davrda sizlar bilan birga ta`lim sohasini tubdan o`zgartirib, zamon talab qilayotgan darajaga ko`tarishga erishganimizni ko`z o`ngimizdan o`tkazar ekanmiz, bu yo`lda siz, azizlarning qanday qiyin bo`lmasin, qat`iyatlik va fidoyilik ko`rsatganingizni, bu buyuk maqsad uchun belni mahkam bog`lab mehnat qilganingizni men chinakam jasorat deb baholayman va mana shunday olijanob fazilatlaringiz uchun barcha-barchangizga ta`zim qilaman.
Qadrli vatandoshlar!
Har bir inson, har bir ota-onaning ezgu orzusi bo`lmish sog`lom va barkamol avlodni tarbiyalash, shu maqsadda minglab zamonaviy o`quv maskanlari, bolalar sporti inshootlarini barpo etganimiz, ilg`or pedagogik va axborot-kommunikasiya texnologiyalarini o`quv jarayoniga joriy etish bo`yicha amalga oshirilgan keng ko`lamli ishlar, soha xodimlarining mehnatini munosib qadrlash, moddiy va ma`naviy rag`batlantirishga qaratilgan samarali tizim ishlab chiqib, amalda tatbiq etganimiz va boshqa ko`pgina chora-tadbirlar bugun o`z ijobiy natijasini bermoqda. Xususan, birgina so`nggi besh yilda oylik ish haqi xalq ta`limi muassasalarida 2,9 barobar, o`rta maxsus, kasb-hunar ta`limi tizimida qariyb 4 marta, oliy ta`lim sohasida 3,6 karra oshirilgani, minglab ustoz va murabbiylar, professor-o`qituvchilarimiz Vatanimizning yuksak unvonlari, orden va medallari bilan taqdirlangani ham ana shundan dalolat beradi.
Hurmatli do`stlar!
Barchamizga ayonki, bugungi global integrasiyalashuv sharoitida, kundalik hayotimizga kompyuter texnologiyalari va Internet tizimi jadal kirib kelayotgan bir paytda xorijiy tillarni har tomonlama puxta egallamasdan turib, jahon hamjamiyati bilan hamqadam bo`lib yashashni tasavvur etib bo`lmaydi.
Ayni shu maqsadda mamlakatimizda o`tgan yildan e`tiboran umumta`lim maktablarining 1-sinfidan boshlab chet tillarni o`qitishning uzluksiz tizimi joriy qilingani yangi amaliy qadam bo`ldi. Bu sohada ishni to`g`ri tashkil etish, kutilgan samaraga erishish uchun avvalo mavjud o`quv-metodik bazani mustahkamlash, dastur va qo`llanmalarni yanada takomillashtirish, pedagog xodimlarning bilim va malakasini oshirish zarurligi haqida ortiqcha gapirishning hojati yo`q, deb o`ylayman.
Shu bilan birga, ta`lim maskanlarida “Ziyonet” tarmog`i yordamida o`quv-tarbiya jarayonlarini bugungi taraqqiyot, milliy va umumbashariy tafakkur yutuqlari bilan uzviy bog`liq ravishda olib borish, Multimediali umumta`lim dasturlarini rivojlantirish markazi faoliyatini kuchaytirish, o`quv adabiyoti va qo`llanmalari elektron turlarining ilmiy-uslubiy saviyasini yuksaltirish muhim vazifamizdir.
Ayni shu yo`nalishdagi ishlarimizning uzviy davomi sifatida joriy yilda Janubiy Koreyaning dunyoda nom qozongan nufuzli Inxa universitetining Toshkent filialini, shuningdek, ta`lim sohasi bilan bog`liq bo`lgan yangi o`quv va malaka oshirish markazlarini tashkil etganimiz yoshlarimiz uchun yangi imkoniyat va yangi ufqlar ochib berishi muqarrar.
Bugungi kunda dunyoda, yon-atrofimizda qarama-qarshilik va ziddiyatlar ko`payib, inson qalbi va ongini egallash, birinchi navbatda, yoshlarning ma`naviy olamini izdan chiqarish, ularni o`z ota-onasiga, el-yurtiga qarshi qo`yishga qaratilgan tahdid va xurujlar kuchayib borayotgan murakkab va tahlikali zamonda o`zining kimligini, qanday buyuk zotlarning avlodi, qanday bebaho meros vorislari ekanini teran anglab, ona yurtga muhabbat va sadoqat hissi bilan yashaydigan yosh avlodgina muqaddas zaminimizni yot va begona ta`sirlardan, balo-qazolardan saqlashga, Vatanimizni har tomonlama ravnaq toptirishga qodir bo`ladi.
Bu haqda gapirganda, yurtimizda hukm surayotgan tinchlik va osoyishtalik, o`zaro hurmat, mehr-oqibat muhitini ko`z qorachig`idek asrashda, avvalambor, bolalarimizni mustaqil fikrga ega bo`lib, oqni qoradan ajratishga qurbi etadigan insonlar etib, bir so`z bilan aytganda, yoshlarimizning irodasini mustahkam va baquvvat qilib tarbiyalashda siz, muhtaram o`qituvchi va murabbiylar bundan buyon ham kuch-g`ayratingiz, bilim va tajribangizni ayamaysiz, deb ishonaman.
Azizlarim, qadrdonlarim!
Davlatimiz, jamiyatimiz sizlarning Vatanimiz taraqqiyotiga qo`shayotgan katta hissangizni, mas`uliyatli faoliyatingizni yuksak baholaydi va qadrlaydi. Bu masala kelgusida ham doimiy e`tiborimiz markazida bo`lib qoladi, deb ishontirib aytmoqchiman.
Fursatdan foydalanib, sizlarni qutlug` bayramingiz bilan yana bir bor tabriklab, barchangizga sihat-salomatlik, oilalaringizga baxtu saodat, ezgu ishlaringizda yangi yutuq va omadlar tilayman.
Hech qachon kam bo`lmang, umringizdan baraka toping, aziz va mehribon ustozlar!
Islom Karimov, O`zbekiston Respublikasi Prezidenti





