Toshkent shahar davlat soliq boshqarmasi tomonidan poytaxtimizing Yunusobod tumanida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik sub`ektlari faoliyatida uchrayotgan muammolarni o`rganib, amaliy yordam ko`rsatish maqsadida «Soliq xizmati – insofli soliq to`lovchilarning ishonchli hamkori» mavzusida uchrashuv tashkil etildi, deb xabar berdi boshqarma matbuot xizmati.
Tadbirda dastlab, O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 29 iyundagi «O`zbekiston Respublikasining soliq siyosatini takomillashtirish konsepsiyasi to`g`risida»gi Farmoniga asosan soliq sohasiga joriy etilayotgan yangiliklar mazmun-mohiyati haqida batafsil ma`lumot berildi.
Qayd etilganidek, Konsepsiyaga asosan, 2019 yil 1 yanvardan boshlab, barcha fuqarolar uchun jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig`ining 4 shkalali va hisoblab chiqarilishi murakkab bo`lgan tizimidan voz kechilib, 12 foiz miqdoridagi yagona stavka joriy etiladi. Bu o`z navbatida, tumanda istiqomat qilayotgan 77 ming nafardan ziyod fuqarolar uchun katta imkoniyatdir.
Bugungi kunda Yunusobod tumanida 2672 nafar yakka tartibdagi tadbirkor, 6645 ta soliq to`lovchi yuridik shaxslar faoliyat yuritmoqda. Shuningdek. 1600 nafardan ziyod yosh ishbilarmon o`z tadbirkorligini yo`lga qo`ygan.
– Avvalo, bugungi tadbir boshqalaridan farqli ravishda ochiq muloqot tarzida o`tgani uchun tashkilotchilariga alohida minnatdorchilik bildirmoqchiman, - deydi yakka tartibdagi tadbirkor Doniyor Erkinov. – Chunki, soliq yuki kamaytirilib, tadbirkorlar uchun qator imkoniyatlar yaratilayotgani haqida ko`p bora eshitgandik, o`qigandik, ammo baribir savollar ko`p edi. O`zgarishlar bo`lgani yaxshi, ammo u amaliyotda qay tarzda aks etadi, degan savolga bevosita mutaxassislardan javob oldik. Qolaversa, tadbir mavzusiga mos tarzda soliq xizmati – insofli soliq to`lovchilarning ishonchli hamkoriga aylanayotganining guvohi bo`ldik.
Tadbirda ishtirokchilarga O`zbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 1 avgustidagi «O`zbekiston Respublikasida investisiya muhitini tubdan yaxshilash chora-tadbirlari to`g`risida»gi PF-5495-sonli, 2018 yil
15 avgustdagi «Toshkent shahrida investisiya muhitini yaxshilash bo`yicha eksperimentni amalga oshirish chora-tadbirlari to`g`risida»gi
PF-5511-sonli Farmonlari mazmun-mohiyati haqida ham batafsil tushuntirishlar berildi.

Ta`kidlanganidek, Prezidentimizning mazkur farmonlari mamlakatimizda investisiya muhitini yanada yaxshilash, to`g`ridan-to`g`ri investisiyalarni jalb etishni rag`batlantirish, investorlarning bu boradagi davlat siyosatining izchilligiga bo`lgan ishonchini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Shuningdek, tadbirkorlik sub`ektlari tomonidan o`z faoliyatlarida uchrayotgan muammoli masalalar o`rtaga tashlandi. Tadbir doirasida 8 nafar tadbirkorning muammosiga ijobiy echim topildi.
Uchrashuvda ishtirokchilarning barcha savollariga mutasaddi xodimlar tomonidan batafsil javoblar berildi.






