AsosiyJamiyat

Sherzod Shermatov: Yoshlarimizni o`qishga motivasiyasini oshirishga birgalikda harakat qilaylik!

'Sherzod Shermatov: Yoshlarimizni o`qishga motivasiyasini oshirishga birgalikda harakat qilaylik!'ning rasmi

O`zbekiston xalq ta`limi vaziri Sherzod Shermatov Facebook’dagi sahifasida yoshlarning o`qishga motivasiyasini oshirish taklifi bilan chiqdi.

"Prezidentimiz tomonidan xalq ta`limi tizimini tubdan yaxshilash bo`yicha boshlangan tashabbusni qo`llash maqsadida barcha vazirlik va idoralar rahbarlariga 5 sentyabr kuni o`zlari o`qigan maktabga borib, yangi o`quv yili boshlanishi munosabati bilan o`tkaziladigan tadbirda ishtirok etishlarini so`rab murojaat qilgan edik.

Unga ko`ra, maktabdagi tadbirda har bir rahbar o`zining hayotidan misollar keltirib, ular erishgan muvaffaqiyatlarda maktabdagi ta`lim va tarbiyaning roli katta bo`lgani, qolaversa, o`quvchilarga maktab davrida yaxshi o`qib, vaqtdan unumli foydalanish muhimligi haqida qisqacha ma`ruza qilib berish taklifi berilgandi.

Quvonarlisi, ko`pchilik vazirlik va idoralar rahbarlari hamda joylardagi hokimlar tomonidan ushbu taklif ijobiy qabul qilinib, 5 sentyabr kuni maktablardagi tadbirlarda qatnashishga tayyor ekanliklari bildirildi.

Shuningdek, maktab bitiruvchilari orasida hayotda ko`pchilik havas qiladigan boshqa soha vakillari ham ko`p. Ular orasida bugungi kunda taniqli tadbirkorlar va xalq xizmatida yurgan insonlarning jamiyatda tutgan o`rni beqiyos.

Fursatdan foydalanib, ularni ham 5 sentyabr kuni o`z maktablariga kelib, yoshlarni o`z hayotiy tajribalari asosida motivasiya qilishga hissa qo`shishga taklif etamiz. Bu o`quvchilarda o`zi o`qiyotgan maktabdan faxrlanish tuyg`usi hamda yanada yaxshiroq o`qishga intilish shakllanishiga o`ziga xos turtki bo`ladi.

Maktablarda muammolar va qilinishi kerak bo`lgan ishlar juda ko`p, lekin eng asosiysi, bolalarimizni o`qishga chin dildan qiziqtira olsak, eng katta natijaga erishgan bo`lamiz. Shunda ular qiyinchiliklarga qaramay o`zlari o`qishga intiladigan bo`ladilar.

Prezidentimiz tomonidan boshlangan xayrli ishlarga o`z hissangizni qo`shganingiz hamda ushbu taklifni qo`llab-quvvatlaganingiz uchun oldindan minnatdorchilik bildiramiz.

PS. Hurmatli sobiq maktab bitiruvchilari, Siz kabi yana boshqa muvaffaqiyatli sinfdoshlaringizni ham mazkur taklifga jalb etish uchun ushbu postni do`stlaringizga ulashing hamda ularni teg qiling”, - deb yozadi Sherzod Shermatov.

    Boshqa yangiliklar