AsosiyJamiyat

O`sh shahrida o`zbekistonlik quruvchilar tomonidan bunyod etilgan maktab-gimnaziya faoliyatini boshladi

'O`sh shahrida o`zbekistonlik quruvchilar tomonidan bunyod etilgan maktab-gimnaziya faoliyatini boshladi'ning rasmi

O`sh shahrida O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisi N.Yo`ldoshev rahbarligidagi mamlakatimiz parlamenti delegasiyasining Qirg`iziston Respublikasi Jogorku Keneshi a`zolari bilan uchrashuvi bo`lib o`tdi.

Uchrashuvda keyingi yillarda O`zbekiston va Qirg`iziston o`rtasida barcha sohalarda hamkorlik mustahkamlanib, kengayib borayotganligi, birgina joriy yilning yanvar-iyul oyida o`zaro savdo aylanmasi 88 foizga o`sib, qariyb 215,7 million dollariga etganligi ta`kidlandi.

Uchrashuv doirasida O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning topshirig`iga asosan, O`sh shahrida o`zbekistonlik quruvchilar tomonidan barpo etilgan yangi maktab-gimnaziyaning ochilish marosimi ham bo`lib o`tdi, deb yozmoqda O`zA.

Ikki qo`shni davlat o`rtasida madaniy, ta`lim sohasidagi hamkorlik ham kengayib bormoqda. Bugungi kunda O`zbekistondagi 90 ta maktabda 7,5 mingga yaqin o`g`il-qiz qirg`iz tilida saboq olmoqda. O`zbekistonda qirg`iz tili va madaniyati, Qirg`izistonda esa o`zbek tili va madaniyatini o`rganishga alohida e`tibor qaratilmoqda.

246227438_356604.jpg

O`sh shahri markazidagi Alisher Navoiy nomidagi 630 o`ringa mo`ljallangan uch qavatli maktab-gimnaziya qurilishi Andijon viloyati hokimligi “Yagona buyurtmachi xizmati” injiniring kompaniyasi buyurtmasi asosida mamlakatimizning qator qurilish tashkilotlari tomonidan amalga oshirildi. Qurilish materiallari, uskuna va jihozlar O`zbekistondan keltirildi.

Keng o`quv va laboratoriya xonalari, katta tomosha sahnasiga ega faollar zali, sport zali, futbol maydoni, tibbiyot xonasi, 150 o`rinli oshxonasi bo`lgan mazkur maktabda o`quvchilarning puxta bilim olishi uchun zarur sharoitlar yaratilgan. Maktabning qariyb 1 gektar hududiga turli manzarali daraxtlar o`tqazildi, obodonlashtirish ishlari bajarildi.

246227609_355056.jpg

– O`zbekiston hukumatining beg`araz yordami bilan maktabimizga yangi bino qurib berilganligi, shuningdek, 56 kompyuter, 33 televizor, 6 proektor taqdim etilganligidan behad mamnunmiz, – deydi 18-maktab-gimnaziya direktori Turdioyim Qoramurzaeva. – Bu turli millatlarga mansub o`quvchilar tahsil olayotgan maktabimizda ta`lim sifatini oshirishga yordam beradi, qolaversa, o`zbek-qirg`iz do`stligini mustahkamlashga xizmat qiladi.

Maktabimizda turli xorijiy tillarni o`rgatishga alohida e`tibor qaratiladi. Ota-onalarning taklif va istaklarini inobatga olib, o`zbek tilida qo`shimcha mashg`ulotlar tashkil etiladi.

Do`stlik va birodarlik bayramiga aylanib ketgan tadbirda o`zbek, qirg`iz va rus tillarida tinchlik, millatlararo do`stlikni madh etuvchi kuy va qo`shiqlar yangradi.

    Boshqa yangiliklar