— O`zbek san`ati o`zining katta maktabiga ega. Yoshlar chet mamlakatlarining san`at yo`nalishidagi oliygohlarida tahsil olishlari albatta foyda, lekin istardimki yosh ijodkorlarni ko`proq o`zimizda tayyorlashga harakat qilishimiz kerak. Chunki O`zbek kinosida o`z dunyoqarashi, milliy mentaliteti bor. O`sha davrlarda o`zbek kinosidan o`rnak olishgan, jumladan, rejissyorlardan Shuhrat Abbosov, Raim Botirov, Ali Hamraev, Melis Abzalovlardan o`rganishgan. Afsuski, hozir shunday ustozlar kamayib ketdi. Mana shu masalaga ham bosh qotirish lozim, deb o`ylayman.
Iqtidorni Alloh beradi va uni ish bilan yoshlar boyitishi kerak. Ammo bizning ayrim yoshlarda hovliqmalik bor. Shoshma-shosharlik – bu harakat degani emas. Chet eldan olingan andozalarga darrov yon bosib ketishadi. U baribir andoza.
O`zbek kinosi – bu o`z yo`nalishiga ega O`zbek kinosi! Biz Mustaqil davlatmiz. O`zimizni ustimizda ko`proq ishlashimiz zarur. O`zimizni iqtidorimizni oldinga yo`naltirishimiz kerak. Xususan, teatr va kinoaktyorlari tinimsiz mehnat avjidalar. Shaxsan, o`zim butun viloyatlarga borib keldim. “Obod qishloq” dasturi bo`yicha yangilanayotgan hududlarni ko`rib faqat quvonch ila hayratlandim. Bu biz ijodkorlarni yanada ilhomlantiradi, albatta.
Turli sohalarda taraqqiy etish ancha ildamlashgan. Masalan, ikki yil ichida dunyo O`zbekistonni qayta tanidi. Bu yil mustaqilligimiz 27 yoshga to`ldi. Mustaqilligimiz e`lon qilinganida “mana, farzandimiz tug`ildi” degandim. Farzandimiz endi 27 yoshda! Eng katta hamda faxrlanadigan istiqlol bayrami bilan aziz yurtdoshlarimizni chin qalbdan tabriklayman. Oilalarida totuvlik, farovonlik, ijodkorlarga esa tilagim hech qachon to`xtab qolishmasin. Vaqt o`tib bormoqda, vatanimizga xizmat qilib qolishimiz kerak.






