AsosiyDunyo

Gruziyaning to`qqiz javohiri

Gruziya azaldan betakror tabiati, mehmondo`st xalqi, go`zal tarixiy obidalari va urf-odatlari bilan dunyo ahlini o`ziga qaratib kelgan. Bu mamlakatning shahar va qishloqlarini kezish asnosida bir necha ming yillik tarixga ega bo`lgan Gruziyani o`zingiz uchun qaytadan kashf etasiz. Bu erdagi ajabtovur manzaralarni dunyoning boshqa hududlarida uchratish dushvor.

1.Deylik mamlakatga ilk bor tashrif buyurgan mehmon poytaxt markazidagi oynavand Tinchlik ko`prigini tomosha qilmasdan ketmaydi. 2010 yilda bunyod etilgan bu ajoyib inshoot o`z davrida turli shov-shuvlarga sabab bo`lgandi. Kimdir uni me`morchilik mo``jizasi deb atasa, yana kimdir boshqacha mulohazalarni  bildirgan. Nima bo`lganda ham bu ko`prik chindan-da Tbilisining eng go`zal joylariddan biri. Ayniqsa, oqshom payti oynavand ko`prikdan taralayotgan turfa rangli yog`duslar beixtiyor insonni lol qoldiradi.

2.Tbilisining eski shaharni kezsangiz, mana bu tarixiy binolar e`tiboringizni tortmasdan qolmaydi. Torko`chalar bo`ylab ketarkansiz, osilib turgan bu boloxonalar boshingizga qulab ketishidan xavfsiraysiz. Aslida bu binolar bir necha asrlarni qaritgan. Bu ko`cha chindan ham tarix va bugun, Sharq va G`arb an`analarini o`zida jamlagandek.

3. Mana bu tarixiy qal`a nurab qolgan esa-da, Tbilisining istalgan nuqtasidan ko`rinib turadi. Narikala deb nomlanadigan bu istehkom o`z davrida juda ko`p davrlarni boshidan kechirgan. Bu qal`a ta`bir joiz bo`lsa, shaharning eng baland nuqtasi bo`lishi barobarida, eng tarixiy qismi hamdir.

4. Ozodlik maydoni poytaxtning ramziy markazi sanaladi. Maydon o`rtasida avliyo Georgiyning haykali qad rostlagan. Bu maydon shaharni piyoda kezish uchun juda qulay maskan sanaladi.

5. Metexi iboldatxonasi shu nomli qoyaning tepasida o`rnashgan. Bu erdan eski shahar manzarasi yaqqol ko`zga tashlanadi. Bir paytlar qadimiy shohlar ham aynan ana shu ibodatxona joylashgan tepalikdan turib butun shaharni kuzatib o`tirishgan. Bir paytlar mana shu ibodatxona yonida shoh qarorgohi bo`lgan. Ammo, u o`tgan asrning o`rtalarida Beriya farmoyishiga binoan buzib tashlangan.

6. Borjomi. Beixtiyor shu nom bilan ataluvchi ma`danli ichimlik suvi xayolingizga keldimi? Bu hudud bir paytlar eng mashhur dam olish maskanlaridan biri sifatida dovrug` taratgan. Hozir ham bu erga mamlakatning turli hududlaridan dam olgani kelib turishadi. Bu hududdagi ma`danli buloqlar juda ko`p xastaliklarni davolashda ishlatiladi.

7. Vardziya haqida eshitganmisiz? Tog` bag`ridan o`yib ishlangan bu hujralar tarixi malika Tamara davriga borib taqaladi. O`sha paytlarda bunday o`yma hujralar soni 3000 dan ortiq edi. 1283 yilda ro`y bergan zilzila tufayli ularning aksariyati ko`milib ketgan. Ayni paytgacha 300 dan oshiq tosh hujralar saqlanib qolgan. Biroq, negadir bu erga turistlar uncha ko`p kelishmaydi.

8. Chetdan qaraganda Gorissixe qal`asi xarobalari har qanday insonni hayratga soladi. Shaharning o`rtaidagi bu qal`aning eshigi har doim ochiq. Kirish ham bepul. Faqat ilonizi so`qmoqdan tepalikka chiqa olsangiz bo`lgani. Ko`pincha yolg`izlikni istagan sevishganlar ana shu qal`a bag`ridan panoh topadilar. Ma`lumotlarga ko`ra, 400 yil avval Eron shohi Abbos bu qal`adan harbiy istehkom sifatida foydalangan.

9. Telavi qadimgi Kaxetiya  podsholigining poytaxti sanalgan. Hozir ham Kaxetiya muzofotining markazi hisoblanadi. Alazan vodiysining markazida joylashgan bu shaharchada 20 mingga yaqin aholi istiqomat qiladi. Telavi markazida o`rta asrlarga mansub Irakliy Ikkinchining qasri joylashgan. Bugunga kelib, bu inshootning minoralari qolgan holos. Ayni paytda qasrni qayta tiklash ishlari davom etmoqda.

Darvoqe, bu shahar sizga tanish. Mashhur “Mimino” kinofilmining bir qator lavhalari aynan shu erda suratga olingan.

 

Rustam Jabborov

    Boshqa yangiliklar