O`zbekiston Respublikasi Prezidenti O`zbekiston Respublikasi Davlat mustaqilligining 27 yilligi munosabati bilan 4 nafar xorij fuqarosini «Do`stlik» ordeni bilan mukofotlash to`g`risidagi farmonni imzoladi. Bu haqda O`zA xabar berdi.

Jumladan, O`zbekiston Respublikasi va Amerika Qo`shma Shtatlarining har tomonlama o`zaro manfaatli strategik hamkorligini mustahkamlash borasidagi katta xizmatlari, ikki mamlakatning savdo-iqtisodiy sohalardagi sherikchilik aloqalarini kengaytirish, yirik investisiya loyihalari va dasturlarini amalga oshirish ishlarida yuqori kasbiy mahoratini namoyon etib kelayotganligi, xalqlarimiz o`rtasidagi o`zaro do`stlik va hamjihatlikni davomli rivojlantirishga qo`shayotgan salmoqli hissasi uchun hamda tavalludining 70 yilligi munosabati bilan Amerika – O`zbekiston savdo palatasi raisi Kerolin Lemm «Do`stlik» ordeni bilan mukofotlansin.

O`zbekiston iqtisodiyotining neft va gaz tarmog`ini rivojlantirish borasidagi katta xizmatlari, yirik investisiya loyihalarini amalga oshirishdagi hamkorligi, mamlakatimizning eksport salohiyatini oshirish, O`zbekiston Respublikasi va Xitoy Xalq Respublikasi o`rtasidagi do`stona aloqalarni mustahkamlashga qo`shgan salmoqli hissasi uchun «CNPC» kompaniyasi direktorlar Kengashi raisi, «PetroChina» kompaniyasi raisi Van Ilin «Do`stlik» ordeni bilan mukofotlansin.

Mamlakatimizda qurilish materiallari ishlab chiqarishni rivojlantirish, sohaga ilg`or texnologiyalarni joriy etish, yirik hajmdagi xorijiy investisiyalarni jalb qilish ishlaridagi faol ishtiroki, O`zbekiston va Germaniya o`rtasidagi har tomonlama va o`zaro manfaatli hamkorlikni mustahkamlash borasidagi ulkan xizmatlari uchun «KNAUF» korxonalari guruhi ishtirokchilari Kengashi a`zosi Knauf Nikolaus Vilgelm «Do`stlik» ordeni bilan mukofotlansin.
O`zbekistonning neft va gaz sektorini rivojlantirish va uglevodorod resurlaridan foydalanish samaradorligini oshirish, xomashyoni qazib olish va chuqur qayta ishlash bo`yicha ilg`or, innovasion texnologiyalarni sohaga joriy etish, mamlakatimizning eksport salohiyatini yuksaltirish, yirik strategik loyihalarni amalga oshirish ishlariga qo`shgan katta hissasi hamda respublikamizga yuqori malakali kadrlar tayyorlash borasidagi hamkorligi uchun «LUKOYL» ochiq aksiyadorlik jamiyati prezidenti Alekperov Vagit Yusufovich «Do`stlik» ordeni bilan mukofotlansin.







