Mustaqillik shukuhi mamlakatimizda dillarni shod aylatgan bir asnoda bayram tantanasi ijodkorlar tomonidan o`zgacha kutib olinmoqda.
Joriy yilning boshida O`zbekiston Matbuot va axborot agentligi, O`zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, Jurnalistlar ijodiy uyushmasi, “Tasviriy oyna” ijodiy uyushmasi, Yozuvchilar uyushmasi, Milliy teleradiokompaniya, “O`zbekkino” Milliy agentligi, Badiiy akademiya, Elektron ommaviy axborot vositalari milliy assosiasiyasi hamda Mustaqil bosma ommaviy axborot vositalari va axborot agentliklarini qo`llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi mamlakatimiz mustaqilligining yigirma etti yilligiga bag`ishlab “Eng ulug`, eng aziz” an`anaviy tanlovini e`lon qilgan edi.

29 avgust kuni esa Zarafshon konsert zalida ushbu an`anaviy tanlovning g`oliblari aniqlanib, taqdirlash marosimi bo`lib o`tdi.

“Eng ulug`, eng aziz” tanlovi quyidagi nominasiyalar bo`yicha o`tkazildi:
– yozuvchi va shoirlarning badiiy asarlari;
– bosma ommaviy axborot vositalari xodimlarining maqolalari;
– ommaviy axborot vositasi sifatida davlat ro`yxatiga olingan veb-saytlar xodimlarining jurnalistik ishlari;
– televidenie va radio ijodkorlarining materiallari;
– tasviriy san`at, foto asarlari va dizayn ishlari;
– kino san`ati asarlari.

Ijodkorlarni bayram tantanasi bilan tabriklash hamda taqdirlash marosimi ochib berish uchun so`zga chiqqan O`zbekiston Matbuot va axborot agentligi Bosh direktori Laziz Tangriev tanlovning viloyat bochqichlari har yilgidan o`zgacha ruhda o`tkazilganini, xususan, tanlovga kelib tushgan materiallarning ko`pligi va dolzarbligi bois Hakamlar hay`atiga juda katta mas`uliyat yuklab, ular orasidan g`oliblikka nomzodlarni tanlab olish oson bo`lmaganini ta`kidlab o`tdi.

Eng asosiysi, “Eng ulug`, eng aziz” an`anaviy tanlovida ishtirok etgan yozuvchi va shoirlar, publisist va jurnalistlar, Televidenie va radio ijodkorlari, Internet jurnalistikasi xodimlari, tasviriy san`at, fotografiya va dizayn hamda kino san`ati ijodkorlarining adabiy-badiiy, publisistik ishlarida “Aziz va yagonamsan, jonajon O`zbekistonim!” degan ezgu g`oyani o`zida mujassam etilib, 2017 – 2021 yillarda O`zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo`nalishi bo`yicha Harakatlar strategiyasi hamda “Faol tadbirkorlik, innovasion g`oyalar va texnologiyalarni qo`llab-quvvatlash yili”
Davlat dasturining ma`no-mazmuni keng targ`ib qilishga qaratilgan.
Chunonchi, tanlovning respublika bosqichiga 300 nafarga yaqin ijodkordan 2 mingga yaqin ijodiy ish kelib tushdi. Xususan, “Yozuvchilarning badiiy asarlari” yo`nalishi jami 66 nafar muallifning 96 ta asari, jumladan, 9 ta roman, 8 ta hikoyalar to`plami, 28 ta she`riy to`plam va doston, 9 ta qissalar, 21 ta badiiy publisistik to`plam va esselar kitoblari, 1 ta p`esa, 13 ta OAV va internet nashrlarda chop etilgan turkumlari tanlovda ishtirok etdi. Ushbu raqamlarning o`zi yozuvchi, shoirlarimiz tomonidan istiqlol ne`mati naqadar keng tarannum etilayotganini isbotlaydi.

Shuningdek, g`oliblarni taqdirlash uchun O`zbekiston Matbuot va axborot agentligi Bosh direktorining birinchi o`rinbosari Shukurov Sobirjon Sayfievich so`z olib, ushbu tanlovning nafaqat ijodkorlar va ziyolilar uchun, qolaversa, kitobxon va gazetxon, teletomoshabinlar uchun ham ahamiyati ahamiyati kattaligi bildirib o`tdi.
Eng quvonarlisi, “O`zbekiston” nashriyot-matbaa ijodiy uyi bilan ancha yillardan buyon hamkorlik qilib kelayotgan O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan madaniyat xodimi, tarjimon Amir Fayzulla ham tanlov g`oliblaridan biriga aylandi.
Sirasini aytganda, mamlakatimizdagi ijodkor ziyolilarning salohiyatini to`liq ro`yobga chiqarish uchun sohaga qaratilayotgan yuksak e`tibor qaratilib, ularni har tomonlama qo`llab-quvvatlash hamda zarur shart-sharoit va imkoniyat yaratilmoqda. “Eng ulug`, eng aziz” respublika tanlovi ham ana shu maqsad va vazifalarga xizmat qilayotgani bilan ham o`zgacha ahamiyatga egadir.
“O`zbekiston” nashriyot-matbaa ijodiy uyi Matbuot xizmati






