Prezident Shavkat Mirziyoev Bekobod tumanidagi «Yusupov G`ofurjon fayz» fermer xo`jaligi dalasida bo`lib, paxta rivojini ko`zdan kechirdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Toshkent viloyati fermerlari bilan muloqotda g`o`zani 60 santimetr oraliqda qo`shqator ekish, agrotexnik tadbirlarni sifatli bajarish, suvdan tejab foydalanish, paxtani qayta ishlash masalalari haqida so`z yuritildi.
«Bizning kamchiligimiz qishloq xo`jaligida ilmni ishlatmaymiz. Dunyoda bozorida raqobat shafqatsiz. Unga munosib bo`lish uchun avvalo ilm kerak. Yaxshi nav, yaxshi qarov, innovasion texnologiyalar kerak. Dehqon dalaga kirdimi, daromad topishi zarur», - dedi Prezident.
«Yusupov G`ofurjon fayz» fermer xo`jaligi joriy yilda 31 gektar maydonga g`alla ekib, 71 sentnerdan oshirib hosil oldi. Bugungi kunda 47 gektardan ortiq maydonda g`o`za parvarishlanmoqda. Undan 35 sentnerdan ziyod hosil olish mo`ljallanmoqda.
Fermer eksportchi tashkilotlarga mosh, loviya, ichki bozorga kartoshka va sabzi sotish bo`yicha shartnoma tuzgan.
«Qishloq xo`jaligida klaster usuliga o`tyapmiz, fermer xo`jaliklarini moliyaviy qo`llab-quvvatlayapmiz. Bugun biz sizlarga ko`mak bersak, ertaga sizlar xalqimizga ko`mak bo`lasizlar» dedi davlatimiz rahbari.









