Nobel mukofoti laureati Ryodzi Noyori o`zbekistonlik talabalarga ma`ruza qildi
Oliy va o`rta maxsus ta`lim vazirligining tashabbusi bilan tashkil etilgan Yaponiyaning Nagoya universiteti prezidenti Masuo Seyiti boshchiligida Yaponiya delegasiyasi, shuningdek, Nobel mukofoti laureati Ryodzi Noyorining O`zbekistonga tashrifi davom etmoqda.
Bugun Ryodzi Noyori o`zbek-yapon ilmiy simpoziumida vazirlik va idoralar, Fanlar akademiyasi, ilmiy-tadqiqot institutlari vakillari, respublikamizning barcha hududlaridan taklif etilgan iqtidorli talabalar va yosh ilmiy tadqiqotchilar uchun ma`ruza bilan chiqish qildi.
Uchrashuvda yaponiyalik taniqli olim o`zbek allomalarining jahon sivilizasiyasiga qo`shgan bebaho hissasi, dunyo ilm-fani va madaniyati rivojlanishida tutgan o`rnini e`tirof etdi. Ryodzi Noyori talablar bilan muloqotda ilm-faning so`nggi yutuqlari, o`zining hayotiy tajribasi va ilmiy natijalari bilan o`rtoqlashdi. Dunyo miqyosidagi taniqli olim bilan tarixiy uchrashuv yurtimizning iqtidorli yoshlarini ilm-fan bilan shug`ullanish va innovasion fikrlashga, yanada shijoat bilan ishga undashi shubhasiz. Ma`lumot uchun, taniqli kimyo olimi Ryodzi Noyori 2001 yilda katalitik asimmetrik sintez sohasidagi ishlanmasi uchun Nobel mukofotini olgan. Yaponiyaning ta`lim, madaniyat, sport, fan va texnologiyalar vazirligi ilmiy kengashining haqiqiy a`zosi va Birlashgan Millatlar Tashkilotining turli xil etakchi loyihalari hamda AQSh, Xitoy xalq respublikasi, Evropa mamlakatlari fanlar akademiyasining a`zosi. 2015 yildan buyon Yaponiya Fan va texnologiyalar agentligining strategiyasini rivojlantirish va tadqiq qilish Markazining Bosh direktori lavozimida faoliyat olib bormoqda.