GM Uzbekistan AJ tomonidan ishlab chiqarilgan avtomobillar savdosi qayta boshlanganligi va xaridorlar tomonidan kelib tushayotgan murojaatlarni inobatga olgan holda, kompaniya tomonidan O`zbekiston Respublikasi bozoridagi xaridorlar talablarini qondirish maqsadida, talab yuqori bo`lgan avtomobillar modellarini ishlab chiqarish hajmlarini oshirishning tez moslashuvchan mexanizmini joriy qilish to`g`risida qaror qabul qilindi. Bu haqda kompaniya xabarida aytiladi.
Xususan, "Jeneral Motors O`zbekiston" AJ tomonidan mexanik uzatmali "Neksiya" avtomobillarini ishlab chiqarish hajmlari avgust oyidan boshlab 3 501 donaga, sentyabr oyida esa 4 143 donagacha oshirildi, yil oxirigacha esa ushbu modelning ishlab chiqarish hajmlari 34 804 donagacha etkaziladi.
Shuningdek, "Malibu" avtomobillarini ishlab chiqarish hajmlari oyiga 240 donadan 2 200 donaga oshirish rejalashtirilgan.
"Mijozlar uchun qulayliklar yaratish, shaffoflikni ta`minlashga qaratilgan va kundalik ravishda yangilanib boriladigan onlayn ravishda shartnoma tuzish tizimi asosidagi barcha arizalar maksimal darajada tez ko`rib chiqiladi. Har bir mijozni "Jeneral Motors O`zbekiston" AJ veb-saytida kundalik ravishda e`lon qilinayotgan shartnomalar ro`yxati bilan tanishib borish va dilerlik korxonalariga shartnoma tuzish uchun tashrif buyurishlariga chorlab qolamiz", - deyiladi xabarda.
Dilerlik tashkilotlarida noqonuniy xatti-harakatlar va mijozlardan tovlamagarchilik orqali qo`shimcha pul mablag`larini talab qilish kabi holatlar paydo bo`lsa, Call-markazga (141-77-77) darhol murojaat qilish so`ralgan.






