Poytaxtimizda Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O`zbekiston Liberal-demokratik partyasi Siyosiy Kengashi Ijroiya qo`mitasi tomonidan O`zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 27 yilligiga bag`ishlab “Aziz va yagonamsan, jonajon O`zbekistonim!” shiori ostida “Ishbilarmon ayol” ko`rik-tanlovining Respublika bosqichi o`tkazildi.
Qayd etilganidek, O‘zLiDeP tadbirkorlik – bu har bir oila va jamiyat farovonligi, barqaror rivojlanishi va mustahkamligi garovidir. Shu munosabat bilan partiya tomonidan xotin-qizlarni oilaviy tadbirkorlikka, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik, fermerlikkka jalb etish hamda bandligiga ko`maklashish orqali oialalarini mustahkamlash, iqtidorlarini ro`yobga chiqarish, tashabbuslarini qo`llab-quvvatlash borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.

Joylarda, ayniqsa eng chekka hududlarda, xotin-qizlarga tomorqadan daromad olish usullarini o`rgatish, oilaviy tadbirkorlikni va hunarmandchilikni rivojlantirish, “Har bir oila tadbirkor”, “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlarida belgilangan vazifalar ijrosini ta`minlashga yo`naltirilgan maqsadli partiyaviy loyihalar amalga oshirilmoqda. Bunda barcha tadbirlar partiya “Ayollar qanoti” faollari, deputatlar, tajribali tadbirkorlar ishtirokida “Mahalla” jamoat fondi hamda O`zbekiston fermer, dehqon xo`jaliklari va tomorqa er egalari kengashi bilan hamkorlikda o`tkazilmoqda. Ushbu “Ishbilarmon ayol” ko`rik-tanlovi ana shunday partiyaviy loyihalar sirasiga kiradi.
Konkurs ishtirkochilari davlatimiz tomonidan oxirgi ikki yilda erkin va farovon jamiyat qurish, ayollarni ijtimoiy-iqtisodiy faolligini oshirish, ularning davlat va jamiyat hayotidagi o`rni va mavqeini oshirish, oilainstitutini mustahkamlash kabi yo`nalishlarda avval misli ko`rilmagan tizimli ishlar hayotga tatbiq etilayotganini alohida ta`kildadilar. Eng asosiysi - bu kabi e`tibor natijasi o`laroq, mamlakat iqtisodiyotining tayanch ustunlaridan biri bo`lgan kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirishda ham mas`uliyatni o`z zimmasiga olishga tayyor xotin-qizlarimiz etishib chiqdi.

O‘zLiDeP ana shunday fidoiy xotin-qizlarnining yaratuvchanligi, bunyodkorligi, mehnatlarini ulug`lash, jamoat ishlaridagi o`rni va mavqeini yuksaltirishni o`zining asosiy vazifalaridan biri deb biladi. Ushbu maqsad va vazifalardan kelib chiqib tashkil etilgan ko`rik-tanlovdan ko`zlangan asosiy maqsad ham mamlakatimiz taraqqiyoti va xalq farovonligi yo`lida faol ishtirok etayotgan tadbirkor va fermer xotin-qizlarni qo`llab-quvvatlash, hududlarda xotin-qizlar o`rtasida oilaviy tadbirkorlikni jadal rivojlanishini rag`batlantirish, xotin-qizlar tadbirkorligining ilg`or tajribalarni ommalashtirish, tadbirkorlikka oid kasbiy mahorati va bilim darajasini oshirish uchun zaruriy shart-sharoit yaratish va eng asosiysi partiya Dasturi hamda 2017-2021 yillarda mamalkatimizni yanada rivojlantirishga qaratilgan Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalarni amalga oshirishdan iborat.

O`zbekiston Savdo-sanoat palatasi, O`zbekiston Kasaba uyushmalari Federasiyasi hamda O`zbekiston fermer, dehqon xo`jaliklari va tomorqa er egalari kengashi bilan hamkorlikda tashkil etilgan tanlovning bu yilgi tuman, shahar va viloyat bosqichlarida 10 ming nafardan ziyod tadbirkor, ishbilarmon va fermer ayollar ishtirok etdi. Viloyat bosqichida faol ishtirok etib g`oliblikni qo`lga kiritgan 52 nafar tadbirkor va fermer ayollar Respublika bosqichigacha etib keldi.
Ishtirokchilar dastlab milliy kuy, karnay-surnay sadolari ostida kutib olindi hamda tadbirkor va fermer ayollar tomonidan ishlab chiqarilgan mahsulotlar ko`rgazmasi bo`lib o`tdi. Unda tadbirkor, ishbilarmon, hunarmand, fermer xotin-qizlarning mahsulotlari, ayniqsa, milliy yo`nalishdagi liboslar namoyishi ko`rik tanlov ishtirokchilarida milliy g`urur, Vatanga muhabbat, Mustaqillikka bo`lgan shukronalik hissini uyg`otdi. Hamkor tashkilotlar va Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi partiya fraksiyasi a`zolaridan iborat bo`lgan hakamlar hay`ati ishtirokchilarning ishlari bilan yaqindan tanishib, adolatli baholab borishdi.

Shuningdek, ishtirokchilarning loyiha nizomiga muvofiq, xotin-qizlar uchun qo`shimcha yangi ish o`rni yaratganligi, faoliyat turidan kelib chiqib eksportga yo`naltirilgan yoki import o`rnini bosuvchi mahsulot ishlab chiqarish, aholiga ko`rsatayotgan xizmatining sifati hamda faoliyatida hayotga tatbiq etib kelayotgan yangi innovasion g`oyalari ham baholashda alohida e`tiborga olindi.
Tadbirda ishtirok etgan soha mutahassislarining ta`kidlashicha, mustaqillik yillarida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirishda kichik biznes va tadbirkorlik sub`ektlari, ayniqsa, bunda xotin-qizlar ishtirokini yanada oshirish borasida qator ishlar izchillik bilan amalga oshirildi. Natijada joylarda ayollar rahbarligida kichik biznes va oilaviy tadbirkorlik, fermer xo`jaliklari, aholiga sifatli servis-xizmat ko`rsatish shahobchalari, ishlab chiqarish korxonalarini ishga tushirish barobarida kollejni tamomlagan qizlar, ayniqsa uyushmagan yoshlar bandligi ta`minlandi.

Ishbilarmon ayollarning chinakam bayramiga aylangan mazkur tadbir davomida ayolni, Vatanni, istiqlolni madh etuvchi kuy va qo`shiqlar sadosi ostida tantanali taqdirlash marosimi bo`lib o`tdi.
Unda hakamlar tomonidan ishbilarmon ayol maqomiga munosib ko`rilgan ishtirokchilar nomi e`lon qilinib, “Zamonaviy tadbirkor ayol portreti”, “Yilning muruvvatli ishbilarmon ayoli”, “Qishloq infratuzilmasini rivojlantirayotgan fermer ayol”, “Tashabbuskor ayol” kabi nominasiyalar bo`yicha ham g`oliblar aniqlandi. Ishbilarmon ayollarga partiya va hamkor tashkilotlarning diplom va qimmatbaho esdalik sovg`alari taqdim etildi. Tadbirda, shuningdek, partiya tomonidan qator hamkor tashkilotlar bilan birgalikda o`tkazilishi rejalashtirilgan, o`z tomorqasida o`z biznesini yo`lga qo`ygan fuqarolarni qo`llab-quvvatlashga qaratilgan “Ilg`or fermer”,“Mehnatkash dehqon”,“Namunali tomorqachi” ko`rik-tanlovlari to`g`risida ham ma`lumot berildi.
Tadbir yakunida ishtirokchilar uchun konsert dasturi namoyish etildi.






