Joriy yilning 22-26 avgust kunlari jamoat transporti haydovchilari bilan olib borilgan profilaktika tadbirlari doirasida haydovchilar va mas`ul xodimlar tomonidan qo`pol qoidabuzarliklarga yo`l qo`yilgani aniqlandi. Bu haqda Toshkent shahar IIBB xabar berdi.
Aniqlanishicha, Chilonzor tumani Tursunqulov ko`chasida «Kobalt» rusumli taksi mashinasi to`xtatilganda uning majburiy texnik ko`rikdan o`tkazilmagani ma`lum bo`ldi va shu sabab haydovchi A.F. va korxona rahbari K.X.ga nisbatan ma`muriy bayonnoma tuzildi.
Bektemir tumani Ohangaron shoh ko`chasida soat 6.00da «KING LONG» mikroavtobusi to`xtatildi. Ma`lum bo`lishicha, haydovchi A.A. ushbu transport vositasini tegishli hujjatlarsiz boshqargan. Shuning uchun haydovchi va transport vositasini yo`nalishga qo`yishga mas`ul bo`lgan korxona xodimi I.U.ga nisbatan ma`muriy bayonnoma tuzildi.
Shuningdek, Yashnobod tumani Cho`lpon ko`chasida soat 8.40da «Isuzu» avtobusi to`xtatilib, haydovchi E.B.ga nisbatan avtobusda boshqarish vaqtida yo`l chiziqlariga amal qilmagani uchun ma`muriy bayonnoma tuzildi.
Olmazor tumani Yangi Olmazor ko`chasida soat 6.00da «Mersedes-Bens» avtobusi tekshirilganda, haydovchi A.Sh. transport vositasini nosoz holatda boshqarib ketayotgani ma`lum bo`ldi. Holat yuzasidan haydovchi va korxona mas`ul xodimi X.B.ga nisbatan ma`muriy bayonnoma tuzildi.
Sergeli tumani Choshtepa ko`chasida ertalab soat 6.00da «Mersedes-Bens» avtobusi to`xtatildi. Tekshiruv natijasida transport vositasi nosoz holatda ekani aniqlandi. Haydovchi A.S. va korxona mas`ul xodimi Yu.B. ma`muriy javobgarlikka tortildi.
Bektemir tumani Ohangaron shohko`chasida soat 6.00da «Mersedes-Bens» avtobusi tekshiruvdan o`tkazildi va unda ham nosozlik aniqlandi. Avtobus haydovchisi S.T. va korxona xodimi J.N.ga nisbatan ma`muriy bayonnoma tuzildi.






