Onkologik kasalliklar bugungi kunda butun dunyoda inson salomatligiga jiddiy ta`sir etayotgan dolzarb tibbiy-ijtimoiy muammodir. Jahon sog`liqni saqlash tashkiloti ma`lumotiga ko`ra, bunday kasalliklar bilan kasallanish ko`rsatkichi yildan yilga o`sib bormoqda.
Ma`lumki, onkologik kasalliklarning oldini olish va erta bosqichlarda aniqlash – juda muhim omil hisoblanadi. Onkologik kasalliklar erta bosqichda samarali davolansa, ushbu darddan to`liq forig` bo`lishi mumkin.
Bu borada so`nggi yillarda mamlakatimizda ko`plab amaliy sa`y-harakatlar amalga oshirilmoqda. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning 2017 yil 4 aprelda qabul qilingan “2017 – 2021 yillarda O`zbekiston Respublikasida onkologiya xizmatini yanada rivojlantirish va aholiga onkologik yordam ko`rsatishni takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi qarori aholiga ixtisoslashgan onkologik tibbiy yordam ko`rsatish sifatini yaxshilash va ko`lamini kengaytirish, aholining barcha qatlamini to`la qamrab oluvchi tizimni shakllantirish va rivojlantirishda muhim dasturilamal bo`lmoqda.
Mazkur qaror asosida ko`plab ishlar amalga oshirilmoqdi. Jumladan, joriy yil 28 avgust kuni Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida «Elekta Infinity» firmasining zamonaviy chiziqli tezlatkich nur berish uskunasining o`rnatilganligi munosabati bilan, uning tantanali ochilish marosimi bo`lib o`tdi.
Ma`lumki, nur terapiya – onkologik bemorlarni davolashdagi asosiy usullardan biri hisoblanadi. U jarrohlik usuli bilan birga kombinirlangan va alohida shaklda qo`llaniladi. Ushbu usul palliativ va simptomatik davo uchun ham ishlatiladi. Rivojlangan davlatlarda nur terapiya onkologik bemorlarning 60 foizdan ortig`ini davolashda qo`llaniladi. Markazning nur terapiya o`tkazuvchi chiziqli tezlatkichi bilan ta`minlanishi esa yildan yilga rivojlanib, yangilanib borayotgan yangi texnologiyalarni amaliyotda qo`llash imkonini beradi va nur terapiya o`tkaziladigan bemorlar kontingentining ortishiga, ularning hayot sifati va davolash natijalarining yaxshilanishiga olib keladi.
– Ushbu noyob va zamonaviy uskuna jahonning etakchi klinikalaridagina mavjud bo`lib, O`zbekistonda ham ilk bor onkologik bemorlarni mana shunday ilg`or nur terapiya yordamida davolash imkoni yaratilmoqda. Zamonaviy nur terapiyaning o`rni va imkoniyatlari juda keng bo`lib, ushbu uskuna nishonga maksimal aniq davolovchi doza beradi va sog`lom to`qima hamda a`zolarning zararlanish ehtimolini keskin kamaytiradi, – deydi Sog`liqni saqlash vaziri Alisher Shadmanov. – Natijada, davolash samaradorligi ortadi, remissiya davri uzayadi, hayot sifati yaxshilanadi, nojo`ya ta`sirlarning kamayishi hisobiga bemorlar nogironligi kamayadi, onkologik bemorlarning shifoxonada bo`lish davri qisqaradi. Bunday samaralarga erishish uchun nur terapiyaning ushbu zamonaviy hajmli (3D) konformasiyalash usuli dunyoning rivojlangan davlatlarida ham keng qo`llaniladi.
IMRT/VMAT uskunalarining qo`shimcha ravishda yo`llanilishi esa, hayot uchun muhim bo`lgan a`zolarga doza yuklamasining keskin kamayishiga, nurdan keyingi asoratlar xavfining qisqarishiga va aniq jarayonga nisbatan optimal nur terapiya o`tkazishga imkon beradi. Bugungi kunda bosh-bo`yin, ko`krak qafasi, qorin bo`shlig`i va kichik chanoq a`zolari o`sma kasalliklarini davolashda rivojlangan davlatlarda ushbu texnologiya “oltin” standart hisoblanadi. Bundan tashqari, nur terapiyaning rotasion uslubda tutamlar intensivligini modulyasiya qilish (VMAT) natijasida, uskunaning o`tkazuvchanlik qobiliyati vaqtining 2-3 barobar qisqarishiga erishiladi. Bu esa, o`z navbatida o`pka, prostata bezi kabi harakatchan a`zolardagi o`sma nishonlarini davolashda juda muhimdir.
Bir so`z bilan aytganda, Sog`liqni saqlash tizimining bunday yuqori texnologiyaga asoslangan, innovasion va zamonaviy uskuna bilan ta`minlanishi Davlatimiz rahbarining halqimiz salomatligini saqlash yo`lida olib borayotgan oqilona siyosati mahsulidir.
Sog`liqni saqlash vazirligi Axborot xizmati






