O`zbekiston Respublikasi IIV Jinoyat qidiruv bosh boshqarmasi Korrupsiya va iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish boshqarmasi bergan xabarga ko`ra, 2018 yilning 16 iyul kuni Namangan viloyati IIB Jinoyat qidiruv boshqarmasi Korrupsiya va iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish bo`limi xodimlari tomonidan AT «Xalq banki» Kosonsoy filiali mansabdor shaxslariga nisbatan tergovoldi tekshiruv ishlari o`tkazildi.
Natijasida, AT «Xalq banki» Kosonsoy filiali boshqaruvchisi B.A. o`zining jinoiy sheriklari AT «Xalq banki» Kosonsoy filiali bosh hisobchisi T.O. hamda AT «Xalq banki» Kosonsoy filiali kassa mudiri O.E. bilan o`zaro jinoiy til biriktirib, AT «Xalq banki» Kosonsoy filiali kassasida mavjud bo`lgan 409 mln. 866 ming 394,53 so`m zaxira pullarini shaxsiy manfaatlari yo`lida ishlatib yuborib, mablag`larni o`zlashtirish yo`li bilan talon-toroj qilganliklari aniqlangan.
Mazkur holat yuzasidan Namangan viloyati IIB huzuridagi Tergov boshqarmasi tomonidan O`zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 167-moddasi 3-qismi «a» bandi (O`zlashtirish yoki rastrata yo`li bilan talon-toroj qilish: juda ko`p miqdorda) bilan jinoyat ishi qo`zg`atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.






