Shu yilning avgust-sentyabr oylarida Qurolli Kuchlarimizda xizmat vazifalarini bajarish chog`ida halok bo`lgan harbiy xizmatchilarning oila a`zolari uchun Xitoy Xalq Respublikasiga 10 kunlik madaniy sayohat uyushtiriladi. Bu xaqda O`zA xabar berdi.
Shu munosabat bilan Qurolli Kuchlari davlat muzeyida sayohatga jo`natilayotgan bir guruh harbiy xizmatchilarning oila a`zolarini tantanali kuzatish marosimi o`tkazildi.
O`zbekiston Respublikasi Mudofaa vaziri o`rinbosari, polkovnik A.Ikramov, Xitoy Xalq Respublikasining O`zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Szyan Yan xonim, harbiylar va ota-onalar ishtirok etgan tadbirda mamlakatimiz sarhadlarini himoya qilish yo`lida qahramonlik ko`rsatib, mardlarcha halok bo`lgan askarlar xotirasini abadiylashtirish, oilasi, yaqinlariga g`amxo`rlik ko`rsatish borasida amalga oshirilayotgan ishlar navqiron avlodni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga xizmat qilayotgani alohida ta`kidlandi.

Prezidentimizning 2018 yil 4 avgustdagi “O`zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari harbiy xizmatchilarining ma`naviy-ma`rifiy saviyasini oshirish tizimini tubdan takomillashtirish to`g`risida”gi qarori bu borada muhim dasturilamal vazifasini o`tamoqda.
Sirdaryo tumanidagi oddiy dehqon oilasida dunyoga kelgan, O`zbekiston Qurolli Kuchlari safida shartnoma asosida xizmat burchini o`tagan, katta serjant Elomon Otajonov 2000 yilning 11 avgust kuni Surxondaryo viloyati Uzun tumanida bo`lgan jangovar harakatlarda dushman o`qidan yaralanib, qahramonlarcha halok bo`lgan. O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2000 yil 25 avgustdagi farmoniga muvofiq, o`limidan keyin “Jasorat” medali bilan mukofotlangan.
Elomonning otasi Xolmurod aka Otajonov ko`p yillar fermer bo`lib ishladi. Onasi Yanglish opa Otajonova maktabgacha ta`lim muassasasida tarbiyachi bo`lib 30 yildan ziyod mehnat qildi va ayni chog`da ular nafaqada. Otajonovlar Elomondan tashqari yana 2 o`g`il, 2 qizni voyaga etkazib, uyli-joyli qildi. Hozir 9 nabiraning bobo va buvisi.
– Elimiz osoyishtaligi, yurt tinchligi uchun jon fido qilgan o`g`lonning onasi ekinimdan faxrlanaman, – deya eslaydi Yanglish opa Otajonova. – O`g`limning jasoratini nabiralarimga gapirishdan aslo charchamayman. U har doim yurtiga, oilasiga munosib inson bo`lishga intilib, halollik, poklik, sadoqat bilan el xizmatida bo`ldi. Elomon uchun harbiy xizmat, eng avvalo, oila tinchligi, turmush farovonligi va Vatan himoyasi yo`lidagi sharafli kasb namunasi edi. Men baxtli onaman. Davlatmiz tomonidan farzandlarimiz xotirasini abadiylashtirib, biz ota-onalarga mana shunday alohida e`tibor ko`rsatayotganidan esa xursandmiz.
Tadbirda soha xodimlari barchani Vatanimiz mustaqilligining 27 yilligi bilan tabrikladi. Ularga sayohat safariga oid turli ma`lumotlar va esdalik sovg`alari berildi.






